
Rossiya Ukrainaga 2026 yil boshidan buyon eng yirik yopirilma zarba berdi
Rossiya armiyasi energetik «sulh» tugashi ortidan Ukrainaga raketa va dronlar bilan yopirilma hujum qildi: asosiy zarbalar energetika va aholi punktlariga qaratildi.

Rossiya harbiylari 3-fevralga o‘tar kechasi Ukraina hududiga 71 ta raketa va 450 ta dron uchirdi. Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, bu 2026 yil boshidan beri eng ommaviy hujum hisoblanadi. Zarbada 32 ta ballistik «Iskander-M» va to‘rtta hipertovushli «Sirkon» raketalari qo‘llangan. Asosiy yo‘nalishlar Kiyev, Xarkiv, Dnepr, Vinnitsa, Odessa va Sumi oblastlari bo‘lgan. Ukraina tomoni 38 ta raketa va 412 ta dronni yo‘q qilganini ma’lum qildi.
Volodimir Zelenskiy hujumlar sovuq kunlarda qasddan energetika infratuzilmasiga qaratilganini bildirdi. Uning aytishicha, turar joy binolari va bolalar bog‘chasi ham zarar ko‘rgan. Hujum oqibatida kamida to‘qqiz nafar fuqaro jarohat olgan. Zarba «energetik tanaffus» tugashi ortidan ikkinchi kun ketma-ket amalga oshirilgan.
Kiyev va Xarkiv ko‘proq talafot ko‘rdi
Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalning ta’kidlashicha, hujum qilingan IES va IESlar faqat aholini isitish rejimida ishlagan. Kiyev va Kiyev oblastida Tripol IES hamda Rivne AESni poytaxt Kiyev bilan bog‘lovchi 750 kVli nimstansiya zarar ko‘rgan. Kiyevda 1170 ta ko‘p kvartirali uy issiqliksiz qolgan, dedi shahar meri Vitaliy Klichko.
Xarkivda hujumlar 820 ta ko‘p kvartirali uyda issiqlik ta’minotini to‘xtatgan. Shaharning asosiy obyektlaridan biri — IES-5 jiddiy shikastlangan va uni tiklash imkoni yo‘q, dedi shahar kengashi deputati Bogdan Tkachuk. Shahar meri Igor Terexov ham bir qator podstansiyalar ishdan chiqqanini tasdiqladi.
Vinnitsa oblastida Ladijinsk IES nishonga olindi, 50 ga yaqin aholi punkti elektrsiz qoldi. Dnepropetrovsk oblastida Pridneprovsk IES zarba ostida qolgan. Odessa oblastida DTEK obyektiga hujum qilingan, 50 mingdan ortiq odam elektrsiz qolganini oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper bildirdi. Sumi oblastida esa Konotop shahri qisman qorong‘ulikka cho‘mdi.
Trampning iltimosi uch kunga yetdi
29-yanvar kuni Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin iltimosiga ko‘ra kuchli sovuqlar sabab bir haftaga zarbalarni to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytgan edi. Kreml kelishuv 1-fevralgacha amal qilishini ma’lum qilgan. 2-fevraldan hujumlar qayta tiklangan.





