
Rossiyadagi qurilishlarda mehnat migrantlari soni keskin kamaydi
14.05.2025 | 19:0049773
Rossiyada qurilish sohasida ishlayotgan migrantlar soni 2025 yil boshida 20 foizga kamaydi. Sabab — urush, aksilmigrnat siyosat va raqobatbardosh maosh taklif qilayotgan arab davlatlari.

Rossiyada qurilish sohasida faoliyat yurituvchi xorijlik mehnat migrantlari soni 2025 yilning birinchi choragida 20 foizga kamayib, 500 ming kishini tashkil etdi. Bu haqda «RIA Novosti»ga so‘zlab bergan RF Quruvchilar milliy uyushmasi rahbari Anton Glushkovga ko‘ra, bu — Ukrainadagi urush va aksilmigrant siyosat natijasi.
Unga ko‘ra, muhojirlar maoshi keskin oshgani tufayli rossiyalik va chet ellik ishchilar o‘rtasidagi maosh farqi endi bor-yo‘g‘i 10–15 foizni tashkil etmoqda. Ilgari bu farq 30–40 foizgacha yetardi va ish beruvchilar arzon ish kuchi sifatida muhojirlarni afzal ko‘rardi.
Glushkovning ta’kidlashicha, hozir Rossiya kompaniyalari muhojirlar uchun BAA va Saudiya Arabistoni bilan raqobatlashmoqda. Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlardan ishchi kuchini jalb etish imkoni mavjud, lekin vizalar va rus tili imtihoni bu jarayonni cheklamoqda. Unga ko‘ra, qurilishdagi ishchilardan rus tilini bilish talab qilinmasligi lozim, chunki brigadalardagi muloqot tarjimonlar orqali olib boriladi.
2024 yilda RF bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin mamlakatda 200–400 mingta qurilishchi yetishmayotganini bildirgan edi. Shuningdek, 40 ming kishi vaqtincha okkupatsiya qilingan Ukraina hududlariga yo‘naltirilgan. Boshqa sabablar — kadrlarning mudofaa sanoatiga ketishi va migratsiya siyosatining keskinlashuvi. Ma’lumotlarga ko‘ra, maoshlarning keskin o‘sishi qurilish xarajatlari va uy-joy narxlarining ortishiga olib kelgan.





