
Rossiyalik faylasuf muhojirlarni o‘z dinidan voz kechib, pravoslavlikni qabul qilishga chaqirdi
Aleksandr Dugin muhojirlarga ultimatum qo‘ydi: yo pravoslavlikni qabul qilib rus bo‘lasiz, yo erkaklar Ukrainani qarab urushga jo‘nab ketadi, ayollar esa hijobida «Z» belgisini taqadi.

Rossiyalik o‘ta millatchi faylasuf Aleksandr Dugin muhojirlarga nisbatan bahsli chaqiriq bilan chiqdi. Uning fikricha, Rossiyada yashash uchun ikki yo‘l bor: «yo pravoslavlikni qabul qilib rus bo‘lishadi, yo erkaklar Ukraina urushiga jo‘nab ketadi». Bu haqda «TRT na russkom» xabar berdi.
Duginga ko‘ra, Rossiyadagi tojik, o‘zbek yoki ozarbayjonliklar pravoslavlikni qabul qilib, Ukraina urushida Rossiya tarafini qo‘llab-quvvatlasa, migrant emas rus sifatida ko‘riladi. U bunday yo‘lni assimilyatsiyaning yagona shakli dedi.
U hatto musulmon ayollarga ham talab qo‘ydi. Duginning yozishicha, agar musulmon ayol Islom libosidan voz kechib, sarafan kiysa va cherkovga borsa, u rossiyalik hisoblanishi mumkin. Shuningdek, agar muslima ayol armiyaga yordam bersa — masalan, pravoslav ayollar bilan birga askarlar uchun maxsus kiyimlar to‘qisa — u alohida hurmatga sazovor bo‘ladi.
Dugin musulmon ayollarga yana bir ahmoqona g‘oyani taklif qildi: ular o‘z hijobiga «Z» belgisini qo‘yib, Rossiyaga hamdardlik bildirishi mumkin.
Unga ko‘ra, mazkur variantlarni rad etgan muhojirlar Rossiyani tark etishi kerak.
Ma’lumot uchun, Rossiyada millionlab muhojirlar (asosan musulmonlar) yashaydi va ular iqtisodiyotning muhim qismini ta’minlamoqda.
63 yoshli Aleksandr Dugin — o‘ta o‘ng siyosiy qarashlari bilan tanilgan shaxs. U Rossiya imperializmini targ‘ib qiladi, G‘arb liberalizmini keskin tanqid qiladi. Ko‘p hollarda uni «Putinning miyasi» yoki «Putinning Rasputini» deb atashadi.





