add

Saida Mirziyoyeva Urgutda: «Tibbiyot-sanitariyadagi yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqiladi»

18.12.2025 | 15:154502 daqiqa

Saida Mirziyoyeva Urgut tumanidagi oilaviy poliklinika holatini o‘rganib, mavjud sharoit butun birlamchi tibbiy xizmat tizimidagi muammolarning aksi ekanini aytdi.

Saida Mirziyoyeva Urgutda: «Tibbiyot-sanitariyadagi yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqiladi»

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyati Urgut tumanidagi «Navoiy» nomli poliklinika faoliyati bilan tanishdi. U tashrif davomida tibbiyot muassasasining moddiy-texnik holati, xizmat sifati va aholiga tushayotgan yuklamaga alohida e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, mazkur poliklinika 1972 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda kapital ta’mirga, zamonaviy standartlarga moslashtirishga hamda tibbiy xizmat sifatini oshirishga muhtoj. Muassasa 13 mingdan ortiq aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadi, 16 ta qishloq aholisi uchun esa tug‘uruq qabul qilinadigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskani hisoblanadi.

«Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomg‘ir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti», — dedi Saida Mirziyoyeva bino holatini o‘rganib.

Prezident administratsiyasi rahbari ushbu holatni alohida bir poliklinikaga xos muammo sifatida emas, balki butun birlamchi tibbiy xizmat tizimida to‘planib qolgan muammolarning ko‘zgusi sifatida baholadi. Shu munosabat bilan diagnostika va davolash standartlarini yangilash, tibbiy kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish dolzarb vazifa ekani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar ishtirokida Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi master-reja ishlab chiqilmoqda. Bu jarayon faqat binolarni ta’mirlash bilan cheklanmasdan, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga bo‘lgan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Shuningdek, sog‘liqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va rasmiy hujjatlar orqali baholab bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid