
Samarqandda nonga chiqqan qizaloqni «adashib» o‘g‘irlab ketgan erkaklar besh yilga qamaldi
Ular qizni urgan, sochlaridan tortib, mashinaga majburan o‘tqazgan va olib qochib ketgan. Sudlanuvchilar qizni o‘zlari bilan jinsiy aloqada bo‘lishini istagan boshqa qiz bilan adashtirganini da’vo qilgan.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida to‘rt nafar erkak do‘konga non sotib olish uchun chiqqan 14 yoshli qizni sochlaridan tortib, mashinaga mindirib o‘g‘irlab ketgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov Vaqt.uz'ga ma’lum qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2025 yil 6-avgust kuni tong soat 04:30 larda 1995 yilda tug‘ilgan B.X., uning 29 yoshli tanishi M.M., 28 yoshli tanishi A.M. va 24 yoshli U.Z. mast holatda «Nexia-1» avtomobilida ketayotib, M-37 yo‘lida non olish uchun chiqqan voyaga yetmagan F.O.ni (2011 yilda tug‘ilgan) ko‘rib qolishgan. Sudlanuvchilar qizni «tungi klublarda yuradigan tanish qiz» deb o‘ylab, uni kuch ishlatib, sochlaridan tortib mashinaga majburlab mindirishgan.
Mashina ichida qiz yig‘lab, onasi nonga chiqarganini aytib, qo‘lidagi 8 000 so‘m pulini ko‘rsatgan. O‘shanda A.M. qizga ular IIB xodimlari ekanini aytgan.
«Bir qiz onasini o‘ldirib qochib ketdi. Shuning uchun biz seni to‘xtatib, mashinaga o‘tqazdik», - degan u qizga. Keyin erkaklar adashib boshqa qizni ushlashganini tushunib, uni olib ketishgan joyiga olib borgan va o‘sha yerda qoldirgan.
Qizni mashinaga majburlab mindirish vaqtida sudlanuvchi B.X.ning telefoni voqea joyida tushib qolgan. Ushbu telefon va hududdagi kuzatuv kameralari yordamida ular qo‘lga olingan.
B.X. va uning sheriklari sud majlisida o‘z ayblarini to‘liq tan olgan, ammo «xato qilishganini» ta’kidlagan.
B.X. ko‘rsatmasi
B. X. suddagi ko‘rsatmasida 2025 yil 5-avgust kuni kechqurun sheriklari bilan pivo ichib o‘tirishganini, so‘ng mashinada ketayotib yo‘l chetidagi qizni ko‘rishganini aytgan. Sheriklaridan biri bu qizni «tungi klublarda yuradigan tanishi» ekanini aytgach, u bilan jinsiy aloqa qilish maqsadida mashinaga majburlab mindirishgan. Qiz yig‘lab, onasi nonga chiqarganini aytib, qo‘lidagi 8 000 so‘m pulini ko‘rsatganidan keyingina adashganlarini tushunib, uni tashlab ketishgan.
M.M. va U. Z ko‘rsatmasi
M. M. aybiga qisman iqror bo‘lgan. U sudda mashinani u boshqargani, qizni qo‘rqitish uchun o‘zlarini «IIB xodimlari» deb tanishtirganini va go‘yoki bir qiz onasini o‘ldirib qochib ketgani uchun uni ushlaganini aytgan. yana bir sudlanuvchi U. Z. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
Voqea
Qizning aytishicha, yo‘ldan o‘tayotganda mashinadan bir bola (B. G‘aniyev) tushib, uning sochidan tortib, mashina tomon sudragan. U qarshilik ko‘rsatib, bolaning oyog‘iga tepgan, lekin bola uning og‘zini yopib, ikkinchi sherigini yordamga chaqirgan. Ikkalasi uni boshi va yelkasidan bosib, mashina ichiga majburlab tiqishgan. Mashinadan tushmoqchi bo‘lganida uni sochidan tortib, boshiga urishgan va «ovozingni o‘chir» deb qo‘rqitishgan. Qiz ularga qo‘lidagi pulini ko‘rsatib, yolvorgan. Shunda haydovchi o‘zlarini «militsiya xodimlari» deb tanishtirib, uni qotillikda gumon qilishayotganini aytgan.
Birozdan so‘ng «bu boshqa qiz ekan» deb, uni qorong‘u joyga tashlab ketishgan. Qiz mashinadan tushayotganda ularni «otamga aytib, IIBga topshiraman» deganida, ular qo‘rqib tezda qochib ketishgan.
Sud hukmi
Kattaqo‘rg‘on tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2025 yil 16-dekabrdagi hukmi bilan ular Jinoyat kodeksining 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 2-qismining «a» va «v» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. B.X. 5,5 yilga, M.M., A.M. va U.Z. esa 5 yildan ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.





