add

«Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi muhokamasi 23-yanvar kuni o‘tkaziladi

Bugun 11:312 daqiqa

Loyihaning atrof-muhitga ta’siri yuzasidan jamoatchilik fikrini inobatga olish maqsadida ochiq muhokama tashkil etilmoqda.

«Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi muhokamasi 23-yanvar kuni o‘tkaziladi

«Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari 23-yanvar kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkaziladi. Uchrashuv loyihaning atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirini baholash hamda uning ekologik jihatdan xavfsiz amalga oshirilishini ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.

Tadbir Milliy ekologik qo‘mita huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Eshituvlar davomida «Sea Breeze Uzbekistan» loyihasining asosiy parametrlari va uning hudud rivojiga ta’siri jamoatchilikka taqdim etiladi.

Muhokamada hududni rejalashtirish va qurilish bo‘yicha qabul qilingan yechimlar, atmosfera havosi, suv va tuproqqa bo‘ladigan ta’sir, chiqindilarni boshqarish tizimiga oid masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, yashil hududlar va suv obyektlarini muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik choralari hamda doimiy monitoring mexanizmlari ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, jamoatchilik eshituvlari loyihani amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash va aholi hamda mutaxassislarning takliflarini inobatga olishga qaratilgan. Muhokama natijalari keyingi qarorlar qabul qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamoatchilik eshituvlari 23-yanvar kuni Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida soat 10:00 da boshlanadi. Tadbirda jamoatchilik vakillari, sohaviy mutaxassislar hamda boshqa manfaatdor shaxslar ishtirok etishi mumkin. Tashkiliy masalalar bo‘yicha (+998 90) 348–11–55, OAV va blogerlar uchun (+998 90) 799–99–97 telefon raqamlari orqali ma’lumot olish mumkin.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Chorvoq suv ombori hududida yirik kurort qurishni rejalashtirayotgan «Sea Breeze Uzbekistan» kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma korxona sifatida 4-avgust kuni rasman ro‘yxatdan o‘tdi.

Loyiha ta’sischilari — Ozarboyjonning Agalarov Development kompaniyasi va tadbirkor Ulug‘bek Abdurasulovich Mahmudov, har biri 50 foiz ulushga ega. Korxona rahbari etib Sardor Sanjarovich Hamidov tayinlangan. Ulug‘bek Mahmudov shuningdek, Sunshine Investment, New Time-Projects va Breeze Development kompaniyalariga ham egalik qiladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, 577 gektar yer maydoni 25 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi va muddat tugaganda uzaytirishda ustuvor huquq beriladi. Ijara qiymati 1,7 trln so‘m (133,2 mln dollar) deb baholangan bo‘lsa-da, investor besh yil davomida atigi 17 mlrd so‘m (1,3 mln dollar) to‘laydi.

Teglar

Mavzuga oid