add

«See Breeze bo‘yicha hali ekspertiza xulosasi olinmagan» – Davlat ekologik ekspertiza markazi

16.07.2025 | 16:0031664

Chorvoq suv ombori sohilida qurilishi rejalangan va jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgan Sea Breeze kurort loyihasi bo‘yicha hali Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olinmagan.

«See Breeze bo‘yicha hali ekspertiza xulosasi olinmagan» – Davlat ekologik ekspertiza markazi
Bu haqda Vaqt.uz muxbiri savoliga javoban Davlat ekologik ekspertiza markazi Axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova ma’lum qildi. «Bugun Sea Breeze loyihasi chindan ham OAVda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Agar bu masalada Ekologiya vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markaziga ekologik xulosalarni olish bo‘yicha murojaat qilinsa, biz albatta loyihani ko‘rib chiqamiz. Shundan keyingina mutaxassislarimiz loyiha bo‘yicha o‘z xulosalarini berishadi», – dedi Sh.Akramova. Ma’lumot uchun: 2024 yil 16 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda ozarboyjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator xorijiy kompaniyalar bilan birga Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish istagini bildirgan. Loyihaga ko‘ra, kurort zonasida dam olish maskanlari, mehmonxonalar, plyaj, sport maydonchalari, kottejlar va turar joy majmualari, shuningdek, restoranlar, maktablar, akvapark, do‘konlar va dam olish bog‘lari bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Emin Agalarov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ushbu loyiha «5−7 million metr kvadrat» (500−700 gektar) maydonni egallashini aytgan. «Davlat rahbari Ozarboyjondagi Sea Breeze loyihasi muvaffaqiyatli ishlayotganidan xabardorligini bildirdi. Bu loyihani ishga tushirishda bizda tajriba bor», — degan Agalarov. Loyiha O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lib kelmoqda. Jumladan, ko‘plab ekofaollar loyiha bo‘yicha mustaqil ekspertiza o‘tkazishga chaqirishmoqda. Jamoatchilik bunday katta ko‘lamdagi qurilish Toshkent shahri va viloyati uchun asosiy suv manbai bo‘lgan Chorvoqning tabiiy muvozanatini buzishidan xavotirda.  

Teglar

Mavzuga oid