Sergeli avtomobil bozorida noqonuniy savdogarlarning suratlari osib qo‘yildi
Ta’kidlanishicha, xalq tilida «saygaklar» deb ataluvchi bu shaxslar xaridor va sotuvchi o‘rtasida bevosita muloqotning kamayishiga va sun’iy narx oshishiga sababchi bo‘lib keladi.

Toshkent shahri Sirg‘ali tumanidagi Sergeli avtomobil bozori hududida vositachilik va noqonuniy savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelgan 40 nafar shaxsning surati tushirilgan ogohlantirish stendi o‘rnatildi. Bu haqda Kun.uz ma’lum qildi.
Maxsus e’lonlar taxtasiga 39 nafar erkak va 1 nafar ayolning fotosurati joylashtirilgan, har bir surat ostida ularning ism-familiyasi va tug‘ilgan yili aniq ko‘rsatilgan.
Bozor ma’muriyati xaridor va sotuvchilarni firibgarlardan saqlanishga chaqirib, bannerning pastki qismida «OGOH BO‘LING, ALDANIB QOLMANG !!!» degan yozuvni yirik qizil harflarda joylashtirgan.
Xabarda yozilishicha, yillar davomida xalq tilida “saygaklar” deb ataluvchi shaxslar xaridor va sotuvchi o‘rtasida bevosita muloqotning kamayishiga va sun’iy narx oshishiga sababchi bo‘lib keladi.
Eslatib o‘tamiz, may oyining oxirida mazkur avtomobil bozorida tezkor tadbir o‘tkazilib, olib-sotarlik bilan noqonuniy shug‘ullangan 100 kishi aniqlangan hamda ulardan 30 nafariga nisbatan ma’muriy qamoq yoki jarima jazosi tayinlangan.





