
Serjio Gor: «AQSH Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishni istaydi»
Vashington kelgusi uch yilda mintaqada siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi siyosat yuritmoqchi.

AQSH uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoga yetarli darajada e’tibor qaratmaganini va bu yo‘nalishdagi siyosatni o‘zgartirish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH prezidentining maxsus elchisi Serjio Gor Bishkek shahrida jurnalistlar bilan uchrashuv paytida bildirdi.
AQSHning kelgusi 3 yillik siyosati Markaziy Osiyo bilan hamkorlik asosida quriladi
«Men sizlarga prezident Donald Tramp nomidan oddiy xabarni yetkazmoqchiman: Qo‘shma Shtatlar hamkorlik qilishni istaydi va mintaqani tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaydi», dedi u.
Elchining ta’kidlashicha, Tramp rahbarligida Vashington avvalgi kamchiliklarni bartaraf etishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH texnologiyalar, sarmoya va imkoniyatlar nuqtai nazaridan mintaqaviy sheriklar uchun muhim hamkor bo‘la oladi va bu o‘zaro manfaatli jarayondir.
Serjio Gor 2025 yilda Oq uyda o‘tkazilgan C5+1 formatidagi sammitni bu siyosatning amaliy ifodasi sifatida baholadi. Ushbu tashabbus bevosita Oval kabinetdan qo‘llab-quvvatlanayotganini va kelgusida ham AQSH tashqi siyosatining diqqat markazida qolishini alohida ta’kidladi.
Bishkekda o‘tkazilyotgan forum
Shuningdek, elchi Bishkekda o‘tkaziladigan B5+1 biznes forumiga ham to‘xtaldi. Ushbu tadbir doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hamda AQSHdan kelgan yirik tadbirkorlar va siyosiy doira vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
«Men forumda ishtirok etayotgan kompaniyalar ro‘yxatini ko‘rib chiqdim va xolisona aytishim mumkinki, bu mintaqaga tashrif buyurgan kompaniyalarning eng keng qamrovli ro‘yxatidir. Kelgusi oylar va yillarda aynan shundan foydalanib ish olib boramiz. Bu hali boshlanishi, xolos», deya xulosa qildi Serjio Gor.





