
Shahrisabz tumani prokurori Chiroqchi tumaniga hokim bo‘ldi
Shahrisabz tumani prokurori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Bahodir Xudoyqulov Chiroqchi tumani hokimi etib tayinlandi.

Bahodir Xudoyqulov Chiroqchi tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Bahodir Xudoyorovich Xudoyqulov 1985 yilda tug‘ilgan. U Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mutaxassis sifatida huquqni muhofaza qilish organlarida ko‘p yillik tajribaga ega.
Faoliyati davomida Xudoyqulov 2018–2024 yillarda Chiroqchi tumani prokurori lavozimida ishlagan. Tayinlovga qadar Shahrisabz tumani prokurori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Chiroqchi tumanining avvalgi hokimi Fayzulla Yusupov 2025 yil noyabr oyida prezident ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda kambag‘allikka qarshi kurashishda yetarli natija ko‘rsatmagani uchun o‘rinbosarlari bilan birga ishdan olingan.
Shuningdek, Yusupov avvalroq fuqaroga qo‘pol munosabatda bo‘lgani uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, qat’iy ogohlantirilgan va bir necha bor hayfsan olgangan.
Yusupov Chiroqchi tumani hokimi lavozimiga 2023 yil avgust oyida tayinlangan bo‘lib, ikki yildan ortiq faoliyat yuritgan.





