add

Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi assambleyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi

26.01.2026 | 22:003 daqiqa

O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi Bosh assambleyasida nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z nutqida sport diplomatiyasi, yirik saylovlar va O‘zbekiston uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi assambleyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi

O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi Bosh assambleyasida nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z nutqida sport diplomatiyasi, yirik saylovlar va O‘zbekiston uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Bugun, 26-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham shtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlat rahbari sportni global muloqot va ishonchni mustahkamlovchi muhim vosita sifatida ta’rifladi.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ziddiyatli xalqaro sharoitda sport davlatlar va xalqlarni yaqinlashtiradigan betakror kuchga ega.

Davlat rahbari Osiyo Olimpiya kengashi 4,8 milliard aholini birlashtirib, olimpiya harakatining do‘stlik, adolat va tenglik g‘oyalarini faol ilgari surayotganini qayd etdi. Prezident Kengash faoliyatini «Jipslashgan Osiyo» modeli sifatida baholadi.

Shuningdek, Mirziyoyev Toshkentda Kengash prezidenti lavozimiga saylov o‘tkazilganini tarixiy voqea deb atab, ushbu lavozimga bir ovozdan saylangan Shayx Jav’an bin Hamad ol Soniyni qutladi. Qolaversa, kengash prezidentini olimpiya harakatini rivojlantirish, muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qo‘shayotgan alohida hissasi uchun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirladi.

Mehmonlar

Tadbirda yetakchi xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari va vakillari, jumladan, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti, Qatar Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy, Butunjahon antidoping agentligi prezidenti Vitold Banka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, “World Boxing” tashkiloti prezidenti Gennadiy Golovkin, Xalqaro chim ustida xokkey federatsiyasi prezidenti Muhammad Toyyab Ikrom, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid, Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi bosh kotibi Gunilla Lindberg va Afrika Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti Mustafo Berraf ham qatnashdi.

Shuningdek, assambleya ishida maxsus mehmonlar va rasmiylar, xususan, AQSH prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli, Rossiya sport vaziri Mixail Degtyaryov, Saudiya Arabistoni sport vaziri Abdulaziz bin Turkiy Ol Saud, Qatar yoshlar va sport vaziri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy hamda boshqalar ishtirok etdi.

Hamkorlik va nufuz

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Osiyo Olimpiya kengashi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. 2022 yilda Kengash Ijroiya qo‘mitasi sessiyasi Toshkentda o‘tkazilib, O‘zbekiston vakili ilk bor Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezident etib saylanganini qayd etdi.

Bundan tashqari, davlat rahbari O‘zbekistonning 2029 yil Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbon sifatida tanlanishi mamlakatga berilgan ishonch sifatida baholadi. Bu qaror mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishini aytdi.

Shu bilan birga, «World Aquatics» federatsiyasi rahbari Husayn al-Musallamning O‘zbekiston sporti rivojiga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etildi.

Islohot va natijalar

Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham so‘z yuritdi. Uch bosqichli “Prezident Olimpiadasi” kompleks sport musobaqalari tizimi yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy sport infratuzilmasi, xususan, Olimpiya shaharchasi barpo etildi, yuqori malakali sportchilarni saralash va tayyorlash tizimi kengaytirilmoqda.

Xalqaro maydondagi yuksak natijalar, jumladan, 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining muvaffaqiyatli ishtirok etgani hamda yurtimizda ommaviy sport rivojlanib, bugungi kunda 15 milliondan ortiq aholi muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanayotgani qayd etildi.

Xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari O‘zbekiston milliy sport federatsiyalari bilan 20 dan ortiq bitimlar imzolagani ta’kidlandi.

Xususan, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubini zamonaviy ilmiy yondashuv asosida rivojlantirishga ko‘maklashadi, Birlashgan kurash dunyosi tashkiloti Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasini tashkil etadi. Osiyo voleybol konfederatsiyasi har bir viloyatda 1 tadan voleybol bo‘yicha sport klubini bunyod etsa, Chim ustida xokkey xalqaro federatsiyasining texnik ko‘magida 2 ta stadion quriladi.

Teglar

Mavzuga oid