
Shoshilinch qutqaruv xizmatlari: barcha bilishi muhim bo‘lgan telefon raqamlari (ro‘yxat)
Favqulodda vaziyatlarda kerakli qutqaruv xizmatga o‘z vaqtida qo‘ng‘iroq qilish juda muhim. Xo‘sh, siz bunday xizmatlarning qisqa raqamlarini yoddan bilasizmi?

Favqulodda vaziyatlarda zarur qutqaruv xizmatga o‘z vaqtida qo‘ng‘iroq qilish juda muhim. Chunki bunday paytda bir necha daqiqa inson hayoti, sog‘ligi yoki mol-mulkini saqlab qolishi mumkin. Shu sababli har bir fuqaro eng muhim xizmatlarning telefon raqamlarini bilishi va kontaktlariga saqlab qo‘yishi kerak.
Shoshilinch holatlarda odam ko‘pincha qayerga murojaat qilishni bilmay qoladi yoki kerakli raqamni eslay olmaydi. Hozircha O‘zbekistonda AQSHdagi 911 yoki Rossiyadagi 112 raqami kabi yagona shoshilinch qutqaruv raqami yo‘q. Har bir qutqaruv xizmatiga alohida qisqa raqamlar biriktirilgan. Shu sababli eng kerakli xizmatlar raqamlarini oldindan bilib qo‘yish va telefon xotirasiga saqlab qo‘yish foydadan xoli emas.
Eng muhim telefon raqamlari
101 — Tasavvur qiling, yon-atrofingizda yong‘in chiqdi yoki tutun hidi keldi. Bunday paytda vaqtni boy bermasdan 101 raqami orqali o‘t o‘chirish xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish zarur.
102 — Jamoat tartibi buzilishi, jinoyat, o‘g‘rilik yoki janjallar yuz berganda 102 — ichki ishlar organiga qo‘ng‘iroq qilinadi.
103 — Inson salomatligiga tahdid tug‘ilganda 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilinib, tez tibbiy yordam xizmati chaqiriladi.
104 — Tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolar ham katta xavf tug‘dirishi mumkin. Gaz hidi sezilganda, quvur yoki jihozlarda nosozlik aniqlansa, darhol 104 — gaz xizmatiga murojaat qilish tavsiya etiladi.
1050 — Tabiiy ofatlar, avariyalar yoki qutqaruv ishlari talab etilgan holatlarda 1050 — qutqaruv xizmati ishlaydi.
1157 — Tabiatga zarar yetkazish holatlari haqida xabar berish uchun 1157 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
1159 — Iste’molchilar huquqlari buzilgan deb hisoblagan fuqarolar esa 1159 — Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi Call-markaziga murojaat qilishlari mumkin.
1001 — Kundalik hayotda kerak bo‘ladigan ma’lumot xizmatlari ham mavjud. 1001 raqami orqali ob-havo haqida ma’lumot olish mumkin.
1004 — raqami orqali esa aniq vaqtni bilish mumkin.
1009 — xizmati esa turli tashkilotlar manzili, telefon raqamlari, tadbirlar jadvali va boshqa zarur ma’lumotlarni taqdim etadi.
1054 — Kommunal sohada muammolar yuzaga kelganda «Suvsoz» DUK avariya xizmatiga qo‘ng‘iroq qilasiz.
1347 — Issiqlik yoki issiq suv ta’minoti bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilinadigan raqam.
1069 — Dorixona va dori-darmonlarni topish uchun 1069 yoki (78) 140-19-19 raqamlari xizmat qiladi.
Unutmang! Ushbu raqamlarni eslab qolish yoki telefon xotirasiga saqlab qo‘yish har qanday vaziyatda asqatadi.
Teglar






