
Sifatsiz mahsulotlarni ixtiyoriy qaytarib olgan tadbirkorlar jarimadan ozod qilinadi
Yangi qonunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar yoki sotuvchilar mahsulotining kamida 70 foizini ixtiyoriy qaytarib olgandagina moliyaviy jarimalardan ozod etiladi.

17 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilindi va u standartlarga javob bermaydigan mahsulotlarni ixtiyoriy ravishda bozordan qaytargan tadbirkorlarni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Qonun 10 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 1 avgustda Senat tomonidan ma’qullangan. Unga muvofiq, agar ishlab chiqaruvchi, uning vakili yoki sotuvchi standart yoki texnik reglament talablariga javob bermaydigan mahsulotning kamida 70 foizini belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda qaytarsa, unga nisbatan moliyaviy sanksiyalarga qo‘llanilmaydi.
Amaldagi qonunlarga ko‘ra, standartlarga javob bermaydigan mahsulotni sotganlik uchun birinchi marta qoidabuzarlik sodir etilganda mahsulot qiymatining 50 foizi miqdorida, bir yil ichida qayta takrorlansa esa 100 foizgacha jarima qo‘llanadi. Yangi tartib esa tadbirkorni mahsulotni o‘z vaqtida bozordan chiqarishga undaydi va o‘zini-o‘zi nazorat qilish tizimini kuchaytiradi.
Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, agar muvofiqlikni baholash organi qoidalarni buzgan bo‘lsa va natijada fuqarolarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan bo‘lsa, u mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi bilan birgalikda javobgar hisoblanadi.
Qonun qabul qilinganidan uch oy o‘tgach, ya’ni 2026 yil 19 yanvardan amalga kirishi belgilangan. Bu qadam tadbirkorlik muhitini sog‘lomlashtirish va mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.





