Sumalak, milliy o‘yinlar va ezgu tashabbus: Octobank «Navro‘z» bog‘ida poytaxtliklarga bayram shukuhini ulashdi
Toshkentdagi «Navro‘z» etnografik bog‘ida bahoriy tengkunlik — Navro‘z ayyomi keng ko‘lamda nishonlandi. Octobank bosh homiyligida o‘tkazilgan bayram tadbirlari nafaqat milliy qadriyatlar va madaniy merosimizni tarannum etdi, balki o‘zida o‘ta muhim ijtimoiy-xayriya tashabbusini ham mujassam qildi.

Bahorning eng yorqin bayrami munosabati bilan poytaxt aholisi va mehmonlari uchun o‘ziga xos madaniy dastur ishlab chiqildi. Kun davomida bog‘ hududi haqiqiy xalq sayli maydoniga aylanib, yig‘ilganlarga chinakam bayramona kayfiyat ulashildi.

Milliy qadriyatlar va ko‘ngilochar dasturlar uyg‘unligi
Bayram kuni bog‘ga tashrif buyurganlar qaynayotgan o‘n qozon sumalak atrofida jam bo‘lib, polvonlar va dorbozlarning hayajonli namoyishlari, momolarning laparlari-yu zamonaviy DJ dasturlaridan bahramand bo‘lishdi. Oqshom tushgach esa «Labi-Hovuz» teatrida bolajonlar uchun maxsus namoyish etilgan «Kichkina Muk» ertak-spektakli bayram saylining ajoyib xotimasiga aylandi.



Karnay-surnay sadolari ostida o‘tkazilgan dorbozlar namoyishi va folklor jamoalarining diltortar taronalari poytaxtliklar qalbida qadimiy bayramimizga nisbatan g‘urur va iliqlik hissini uyg‘otdi.
Mehr-oqibat ayyomi: Octobankning ijtimoiy tashabbusi



Navro‘z — azal-azaldan nafaqat uyg‘onish va yasharish, balki mehr-oqibat, saxovat va ko‘makka muhtojlarga e’tibor qaratish ayyomi hisoblanadi.

Tadbirning bosh homiysi bo‘lgan Octobank ushbu qadriyatlarni o‘zining korporativ siyosatida ham faol qo‘llab-quvvatlaydi.



Bayram shodiyonalariga uyg‘un tarzda, bank o‘zining muhim ijtimoiy missiyasini eslatib o‘tdi: Octobank Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bemorlariga g‘amxo‘rlik qilish tashabbusini izchil davom ettirmoqda. Ushbu loyiha doirasida og‘ir xastaliklar bilan kurashayotgan bolajonlarga zaruriy yordam va ma’naviy dalda berish bank faoliyatining ajralmas qismiga aylangan.



«Navro‘z» bog‘ida o‘tkazilgan ommaviy sayl bahoriy tengkunlik va tabiat uyg‘onishining chinakam tarannumiga aylandi. Odamlarni bitta umumiy bayram atrofida birlashtirgan ushbu tadbirlar yurtdoshlarimizga chinakam madaniy hordiq ulashish bilan bir qatorda, mehrga, ko‘mak va g‘amxo‘rlikka muhtoj murg‘ak qalblarga e’tibor qaratish kabi eng olijanob insoniy burchimizni yana bir bor yodga soldi.




