
Suriya 14 yillik uzilishdan so‘ng qaytadan SWIFT tizimiga ulanadi
Yaqin haftalarda Suriya xalqaro bank to‘lov tizimi — SWIFT’ga to‘liq ulanadi. Bu qadam Suriyaning 14 yil davom etgan urush va xalqaro sanksiyalar ortidan «ijtimoiy inqirozdagi davlat» maqomidan asta-sekin chiqishga urinishi sifatida baholanmoqda.

Bu haqda mamlakat markaziy banki rahbari Abdulqodir Xusriya Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xusriyaning ta’kidlashicha, SWIFT’ga ulanish tashqi savdoni faollashtirish, import xarajatlarini qisqartirish va eksportni yengillashtirishga yordam beradi. Shu bilan birga, bu mamlakatga chet el valyutasini oqimini ta’minlab, pul yuvishga qarshi kurashni kuchaytiradi va noformal moliyaviy tarmoqlarga bog‘liqlikni kamaytiradi.
Markaziy bank rahbari so‘zlariga ko‘ra, hozirda banklar va Suriya markaziy banki uchun SWIFT kodlari ajratilgan va faqat xorijiy banklar — korrespondentlar qayta to‘lovlarni qabul qilishni boshlashi kerak, xolos.
Shuningdek, Xusriya mamlakatdagi valyuta almashtirish shoxobchalari rolini cheklashni rejalashtirayotganini bildirdi. Ular har bir dollar almashinuvidan taxminan 40 sent olib kelgan va hozirda rasmiy bank tizimi orqali barcha xalqaro operatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Suriyaning qaytadan SWIFT’ga ulanishi uning rasmiy moliya sektori uchun katta o‘zgarish hisoblanib, xalqaro savdo munosabatlarini qayta tiklashga yo‘l ochadi.





