
Surunkali qoidabuzar haydovchilar jarimaga qo‘llaniladigan chegirmalardan mahrum bo‘ladi
09.07.2025 | 18:008524
Prezident yig‘ilishida yo‘llardagi qo‘pol qoidabuzarliklar, tezlik oshirish, jarimalarning kech qo‘llanishi va haydovchilik madaniyati muhokama qilindi. Yangi «Surunkali qoidabuzarlar» dasturi ishga tushadi.

Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi va tirbandlik muammolari yana bir bor muhokama markazida bo‘ldi. Unda ta’kidlanishicha, o‘tgan 2024 yilda haydovchilar tomonidan 24 millionta huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lib, ularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarlik sifatida qayd etilgan.
Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va poytaxtda bu holat izchil tus olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hatto mashhur shaxslar tomonidan «jarimani to‘lab qo‘ydim, roxflf xohlaganimdek yuraman» kabi yondashuvlar ommalashib borayotgani Prezident tanqid ostiga oldi.
Shu munosabat bilan «Surunkali qoidabuzarlar» elektron nazorat dasturi joriy etiladi. Unga ko‘ra, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish yoki qizil chiroqda o‘tish kabi huquqbuzarliklar bir oy ichida 2 marta sodir etilsa, haydovchi 1 yil davomida jarimalardagi chegirmalardan mahrum bo‘ladi. Agar bir oy ichida 10 tadan ortiq huquqbuzarlik sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi 6 oygacha bekor qilinadi.
Shuningdek, tezlikni me’yordan 2–3 marta yuqori oshirgan haydovchilarni huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartish kiritilishi taklif qilindi.
Bundan tashqari, ayrim hududlarda YHXB tomonidan jarimalar 7–8 oy o‘tib qo‘llanilayotgani bo‘yicha shikoyatlar ortib borayotgani qayd etildi. Yangi qarorga ko‘ra, qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab 30 kun ichida qaror chiqarilmasa, haydovchi jarima to‘lamaydi.
Shuningdek, zamonaviy yo‘llar va xavfsiz avtoulovlar ko‘payib borayotganini inobatga olib, tezlik cheklovlariga yangicha yondashish kerakligi aytildi. Ichki ishlar vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birga ayrim uchastkalardagi cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ro‘yxat tayyorlash topshirildi.





