add

Tayvan osmonida o‘yin ketayotgani yo‘q — NYT urush xavfidan ogohlantirdi

24.10.2025 | 21:2011762

Agar Tramp Xitoy bilan keskinlikni yumshatishga erishsa, «ikki davlatni Uchinchi jahon urushi yoqasidan qaytargan prezident» sifatida tarixga kirishi aytildi.

Tayvan osmonida o‘yin ketayotgani yo‘q — NYT urush xavfidan ogohlantirdi

The New York Times tahririyatida chop etilgan tahliliy maqolada AQSH mudofaa vazirligining sobiq yordamchisi Erik Rozenbak hamda Garvard universiteti Belfer markazi ilmiy xodimi Kris Li Xitoy va AQSH harbiylari o‘rtasida yuz bergan hodisalar tahliliga asoslanib, mojaro xavfi yuqori ekanini ta’kidladi. Ularga ko‘ra, Tayvan oroli atrofida havo va dengizda sodir bo‘layotgan voqealar va xavfli yaqinlashuvlar soni keskin ortgan. Bu jarayon hali beri to‘xtamaydi.

Mualliflarning ta’kidlashicha, bu vaziyat sovuq urush davridagi kabi mustahkam harbiy aloqa tizimining yo‘qligi sababli xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. AQSH va Xitoy harbiy rahbariyati o‘rtasida real vaqtda ishlaydigan ishonchli muloqot kanallari mavjud emas, bu esa kichik voqeaning katta urushga aylanish ehtimolini kuchaytiradi.

Maqolada 2001 yilda Xaynan oroli yaqinida yuz bergan voqea eslatildi: AQSH razvedka samolyoti bilan Xitoy qiruvchi samolyoti to‘qnashib, xitoylik uchuvchi halok bo‘lgan, amerikaliklar esa majburiy qo‘nishdan keyin 10 kun asirda qolgan. Bu voqea diplomatik muzokaralar orqali hal etilgan edi, ammo ekspertlar bugungi kunda bunday imkoniyat ham cheklanganini qayd etmoqda.

Rozenbak va Lining fikricha, Xitoy bugun ancha qudratli hamda keskin harakat qiladigan davlatga aylangan, ikki mamlakatdagi milliy g‘urur va siyosiy bosim esa mojaroni yanada chuqurlashtirmoqda. Ular AQSH prezidenti Donald Trampni 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyada bo‘ladigan APEC sammitida Si Jinping bilan uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy xavflarni bartaraf etish masalasiga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Mualliflarning fikricha, agar Tramp Xitoy bilan barqaror inqirozni boshqarish tizimini yarata olsa, u «ikki davlatni Uchinchi jahon urushi yoqasidan qaytargan prezid» sifatida tarixga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid