add

Tengsizlikning cho‘qqisi: Dunyo boyliklari «bir hovuch» elita qo‘liga o‘tib qoldi

Kecha 23:452 daqiqa

Milliardlab odamlar tirik qolish uchun kurashayotgan bir paytda, kichik bir elita qatlami ulkan iqtisodiy qudratni nazorat ostiga olgan.

Tengsizlikning cho‘qqisi: Dunyo boyliklari «bir hovuch» elita qo‘liga o‘tib qoldi

bugungi kunda global tengsizlik o‘ta yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Dunyo aholisining eng boy 0,001 foizini tashkil etuvchi, soni 60 ming nafardan kam bo‘lgan multimillionerlar qatlami hozirda insoniyatning quyi 50 foizi jami egalik qilayotgan boylikdan uch barobar ko‘proq mablag‘ni nazorat qilmoqda. Bu haqda World Inequality Report hisobotida ma’lumotlarida ma’lum bo‘ldi.

Hisobot 200 nafardan ortiq tadqiqotchilar ishtirokida tayyorlangan bo‘lib, global boylik taqsimotidagi tafovut barcha darajalarda saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, dunyo aholisining eng boy o‘ndan bir qismi hozirda barcha boyliklarning deyarli to‘rtdan uch qismiga egalik qiladi, eng kambag‘al yarmi esa 2 foiz ulushga ega.

Daromadlar taqsimoti ham shunga o‘xshash manzarani namoyon qiladi. Eng yuqori 10 foiz aholi qolgan 90 foiz aholining jami daromadidan ham ko‘proq pul topadi. Eng kambag‘al yarmi esa global daromadning o‘ndan bir qismidan kamrog‘ini qo‘lga kiritadi.

«Natijada, kichik bir ozchilik misli ko‘rilmagan moliyaviy qudratni boshqarayotgan, milliardlab odamlar esa hatto oddiy iqtisodiy barqarorlikdan ham chetda qolayotgan dunyo shakllandi», — deb yozadi mualliflar.

Tadqiqotga ko‘ra, barcha mintaqalarda «gender ish haqi tafovuti saqlanib qolmoqda»: ayollar global mehnat daromadining chorak qismidan biroz ko‘prog‘ini oladi va bu ko‘rsatkich 1990 yildan beri deyarli o‘zgarmagan.

Hisobotda aytilishicha, tengsizlik ta’lim sohasida yanada erta namoyon bo‘ladi. Sahroi Kabirning janubidagi Afrika davlatlarida bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan yillik davlat xarajatlari o‘rtacha 230 dollar bo‘lsa, Yevropa mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 8 600 dollarga, Shimoliy Amerika va Okeaniyada esa 10 500 dollarga teng. Bu 40 barobardan ortiq farqni anglatadi.

Tadqiqot mualliflari eng boy qatlamga soliq yukini oshirish orqali tengsizlikni qisqartirish mumkinligini qayd etmoqda. Ular 100 million dollardan ortiq boylikka ega shaxslar va milliarderlar uchun joriy etiladigan 3 foizlik global soliq yiliga taxminan 750 milliard dollar tushum keltirishini hisoblab chiqqan. Bu mablag‘ past va o‘rta daromadli mamlakatlarning umumiy ta’lim byudjetiga deyarli tengdir.

Hisobot xulosasiga ko‘ra, har yili qarzga xizmat ko‘rsatish, foydani mamlakatlardan olib chiqib ketish va boshqa moliyaviy oqimlar orqali dunyo YAIMining taxminan 1 foizi kambag‘al mamlakatlardan boylariga oqib o‘tadi. Bu ko‘rsatkich global rivojlanish uchun ajratiladigan yordam miqdoridan deyarli uch barobar ko‘pdir.

Teglar

Mavzuga oid