
Tibbiyot sohasidagi 2025 yilgi Nobel mukofoti immunitet tizimi kashfiyoti uchun berildi
06.10.2025 | 19:0020343
Meri Brunkou, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchi immunitet tizimining tanani himoya qiluvchi asosiy mexanizmlarini ochib bergani uchun fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

2025 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olimlar Meri Brunkou, Fred Ramsdell hamda yaponiyalik Shimon Sakaguchiga topshirildi. Ular «periferik immunologik tolerantlik bo‘yicha kashfiyotlar uchun» mukofotga loyiq deb topildi, deb xabar berdi Nobel qo‘mitasi.
Qo‘mitaning bayonotiga ko‘ra, laureatlar immunitet tizimidagi «qo‘riqchi» hujayralar — regulyator T-hujayralarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu hujayralar inson tanasida immunitetning o‘z to‘qimalariga hujum qilib, kasallik keltirib chiqarishining oldini oladi. Bu kashfiyot immunologik tolerantlikni o‘rganishda yangi yo‘nalish ochdi.
Tadqiqot natijalari saraton va autoimmun kasalliklarini davolash usullarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, bu ilmiy ishlar transplantatsiya jarayonlarining samaradorligini oshirish imkonini ham beradi. Nobel qo‘mitasi aytishicha, mazkur usullardan ayrimlari hozirda klinik sinov bosqichida sinab ko‘rilmoqda.
2024 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Embros va Geri Ravkunga mikroRNKlarni kashf etgani va ularning gen faoliyatidagi rolini aniqlagani uchun berilgan edi.
An’anaviy tarzda «Nobel haftaligi» tibbiyot sohasi bilan boshlanadi. Joriy yilda 7 oktyabr kuni fizika, 8 oktyabr kuni kimyo, 9 oktyabr kuni adabiyot bo‘yicha laureatlar ma’lum bo‘ladi. Tinchlik mukofoti 10 oktyabrda, iqtisodiy fanlar bo‘yicha mukofot esa 13 oktyabrda e’lon qilinadi. Barcha g‘oliblar 10 dekabr kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tadigan marosimda taqdirlanadi.





