Tojikistonning tashqi qarzi 170 mln dollarga kamaydi

Bugun 17:232 daqiqa

Hukumat yil oxirigacha uni yana ikki baravar qisqartirishni rejalashtirmoqda, biroq ayni paytda yirikroq kreditlarni jalb etmoqchi.

Tojikistonning tashqi qarzi 170 mln dollarga kamaydi © Тожикистон Молия вазирлиги

Tojikistonning umumiy tashqi qarzi 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra 2 mlrd 839,2 mln dollarni tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan qariyb 170 mln dollarga kamdir. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi ma’lum qildi.
Respublika tashqi qarzi tarkibida 2,7 mlrd dollardan ortig‘i hukumat xizmatlari bajarilishini ta’minlovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat qarzi hissasiga to‘g‘ri keladi. Yana qariyb 130 mln dollar esa davlat kafolati ostidagi qarzlardan iborat.

2026-yil davlat budjeti doirasida Tojikistonning asosiy tashqi qarzini moliyalashtirish uchun taxminan 5,1 mlrd somoni (qariyb 540 mln dollar) ajratilgan.

Shu bilan birga, 2026-yilda hukumat davlat investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 6,3 mlrd somonidan ortiq (qariyb 670 mln dollar) miqdorida yangi kreditlar jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Tashqi kreditorlar

Mamlakatning asosiy tashqi kreditori hamon Xitoyning Eksport-import banki bo‘lib qolmoqda. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bank oldidagi qarz qariyb 700 mln dollargacha kamaygan.
Shuningdek, respublika Jahon bankidan (qariyb 380 mln dollar), Osiyo taraqqiyot bankidan (250 mln dollardan ortiq), Islom taraqqiyot bankidan (250 mln dollardan ziyod), Xalqaro valuta jamg‘armasidan (195 mln dollar), Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan (165 mln dollar) ham ancha miqdorda qarzdor.

Subkredit kelishuvlari

Joriy yil boshida mamlakat hukumati maxsus qaror bilan davlat korxonalari, shuningdek, davlat kapitali ishtirokidagi kompaniya va tashkilotlarga qarzlarni o‘z vaqtida qaytarish hamda har chorakda Moliya vazirligiga hisobot taqdim etish vazifasini yuklagan.
Gap davlat kredit shartnomalari doirasida tuzilgan subkredit kelishuvlari bo‘yicha qarz majburiyatlarini bajarish haqida bormoqda.

Subkredit kelishuvlari davlat jalb qilgan kreditlarni korxonalarga taqdim etib, ularni qarz mablag‘larini mustaqil ravishda qaytarishga majburlovchi shartnomalardir.

Qarzdorlar ro‘yxatida davlat kapitali ishtirokidagi 20 ta korxona, kompaniya va tashkilot bor. Ular orasida «Barqi toҷik» OAJ, «Obu korezi Dushanbe» DUK («Dushanbe suv ta’minoti»), «Tojiktransgaz» OAJ, «Amonatbonk» jamg‘arma banki, «Pomir enerdji» OAJ, «Tojik temir yo‘llari» DUK, «Tojik alyuminiy kompaniyasi» OAJ, «Rog‘un GES» OAJ va boshqalar mavjud.

Teglar

Mavzuga oid