To‘qayev Yangi Konstitutsiya tufayli yana prezident bo‘lishi mumkin
Biroq, u 2024 yil prezident faqat bir marta, yetti yil muddatga saylanishi mumkinligi qoidasi «endi hech qachon o‘zgarmasligini» ta’kidlagandi.
© Oq o‘rdaQozog‘iston Konstitutsiyasining yangi tahriri mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga davlat rahbari saylovlarida yana nomzodini qo‘yish huquqini beradi. Bu mamlakat Konstitutsiyaviy sudi bergan izohdan ma’lum bo‘ldi.
Sudning rasmiy izohi
Sud shu tariqa prezidentning yangi Konstitutsiyaning ayrim bandlariga rasmiy sharh berish haqidagi murojaatiga javob qaytardi. Mamlakatning yangi Asosiy qonuni 2026 yil mart oyida qabul qilingan va 1-iyuldan kuchga kirgan.
Konstitutsiyaning yangi tahririga ko‘ra, prezident yetti yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs bu lavozimga bir martadan ortiq saylana olmaydi.
Biroq sud ushbu qoidalarni qo‘llashda 1995 yilgi Konstitutsiya asosidagi avvalgi prezidentlik muddatlari, saylanish yoki tayinlanish davrlari hisobga olinmasligini tushuntirdi. Shu sababli yangi tahrir kuchga kirganidan keyingi saylanish yoki tayinlanish birinchi muddat sifatida baholanadi.
Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi atigi 22 kun ichida ishlab chiqilgan va umumxalq referendumida qabul qilingan. Avvalroq qayd etilganidek, yangi tahrir davlat boshqaruvi tizimiga keng ko‘lamli o‘zgarishlar kiritadi, jumladan prezident vakolatlarini kuchaytiradi.
Qosim-Jomart To‘qayev 2019 yil mart oyidan beri Qozog‘iston prezidenti lavozimini egallab kelmoqda. U mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevdan keyin davlat rahbariga aylangan. Nazarboyev 1990 yil aprel oyidan boshlab hokimiyatda bo‘lgan.
To‘qayev ilgari qayta saylanmasligini aytgan edi
2024 yil yanvarida To‘qayev Egemen Qazaqstan nashriga bergan intervyusida 2026 yilda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va prezidentlik saylovida yana qatnashish haqidagi mish-mishlarni rad etgan edi. O‘shanda u prezident faqat bir marta, yetti yil muddatga saylanishi mumkinligi qoidasi «endi hech qachon o‘zgarmasligini» ta’kidlagan va bu borada «qat’iy ishonch»da ekanini aytgan edi.
«Agar ko‘p yillar davomida faqat bir kishi eng yuqori lavozimni egallab tursa, bunday vaziyat mamlakatni ham, uning rahbarini ham hurmatli qilmaydi», - degandi Qozog‘iston prezidenti.
To‘qayev shuningdek, yagona yetti yillik muddat g‘oyasi haqida 15 yil oldin yopiq muzokaralarda gapirganini, ammo o‘sha paytda bu taklif «alohida qo‘llab-quvvatlanmaganini» eslatgan edi. 2026 yil fevralida esa Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ham muddatlarni nollash rejasi yo‘qligini qayta tasdiqlagan.





