add

Toshkent viloyatida 250 mingga yaqin kishidan chiqindi uchun asossiz mablag‘ yig‘ilgani aniqlandi

02.12.2025 | 15:452241 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi 5 ta chiqindi tashish korxonasining aholiga xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganib chiqdi.

Toshkent viloyatida 250 mingga yaqin kishidan chiqindi uchun asossiz mablag‘ yig‘ilgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi aholiga maishiy chiqindi tashish xizmati bo‘yicha o‘rganish olib bordi. Unda ayrim xonadonlardan chiqindilar umuman olib ketilmagan bo‘lsa-da, ularga to‘lovlar hisoblangan va xizmat belgilangan darajada ko‘rsatilmagani kabi qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Qayd etilishicha, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan «RAHNAMO SERVIS», «ZERO-WASTE», «ZANGIOTA OBODON», «ANGREN BUNYOD FAYZ» va «OHANGARON SANITARIYA TOZALASH» MCHJlariga nisbatan «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilish bilan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Natijada 250 mingga yaqin iste’molchiga 8,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

«Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublikamizning hududlari kesimida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida bu boradagi tizimli o‘rganishlar davom ettirilmoqda», deyiladi xabarda.

Avvalroq dekabr oyidan boshlab respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlaridan qarzdor bo‘lganlar uchun elektr to‘lov amaliyotlari vaqtincha to‘xtatilishi xabar qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid