
Toshkent viloyatida siam egizaklari noyob operatsiya orqali ajratib olindi
09.10.2025 | 11:4550033
Muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklari tug‘uruqdan to‘qqiz soat o‘tib, shoshilinch ravishda va mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olingan.

Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob tibbiy operatsiya amalga oshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Homiladorlikning 33–34 haftalarida kesarcha yo‘l bilan dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘ilgandan atigi 9 soat o‘tib, besh soatlik murakkab operatsiya orqali shoshilinch ravishda ajratib olindi.
Besh soat davom etgan operatsiyani Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi jamoa amalga oshirdi. Bu jarayon yuqori texnologik uskunalar yordamida, mahalliy sharoitda bajarilgan bo‘lib, o‘ta murakkab tibbiy amaliyot sifatida baholanmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov egizaklar holatidan shaxsan xabar olgan. Uning ta’kidlashicha, bunday darajadagi operatsiyalar ko‘plab rivojlangan davlatlarda ham faqat katta tayyorgarlik va uzoq tahlillardan so‘ng amalga oshiriladi. «Muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarni viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratish — mamlakat tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin isboti», — dedi vazir.
Amaliyotda ishtirok etgan mutaxassislar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, salomatligi tiklangan chaqaloqlar va ularning onasi shifokorlar nazoratida bo‘lib, kecha shifoxonadan uyiga javob berildi.





