
Toshkentda ayol ikki farzandi va o‘zini yuqori qavatdan tashladi
Toshkent shahrining Olmazor tumanida ayol ikki farzandini 4-qavatdan va o‘zini 8-qavat derazasidan tashladi.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 17 sentyabr kuni soat 14:18 da «Miskin» mahallasining ko‘p qavatli uylaridan birida 24 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i bilan kelib chiqqan mojaro ortidan o‘zining ikki farzandini 4-qavat derazasidan tashlab yuborgan. Keyinchalik esa o‘zini ham 8-qavatdan tashlagan.
Hodisa oqibatida ayol voqea joyida vafot etdi. Bir yarim va uch yoshdagi farzandlari esa tirik qolgan va shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 97-moddalari (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprelda ham shunga o‘xshash fojia sodir bo‘lgan edi. Sergeli tumanida 27 yoshli ayol uch nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan tashlab, barchasi halok bo‘lgan edi.





