Logo

Toshkentda firibgarlik yo‘li bilan 1,7 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olindi

Bugun 12:581 daqiqa

O‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarolarning ishonchiga kirib, 1,7 mlrd so‘m, 95 ming dollar va qimmatbaho mol-mulklarni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.

Toshkentda firibgarlik yo‘li bilan 1,7 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olindi © gettyimages.com

Bosh prokuratura shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib kelgan shaxs qo‘lga olindi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, A.A. ismli shaxs fuqarolarning ishonchiga kirib, arzon narxda bug‘doy xarid qilish va uni qayta ishlash orqali katta daromad olish mumkinligini aytgan. Shu tariqa u ikki fuqarodan jami 1,7 mlrd so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda gumonlanmoqda.

Shuningdek, u tadbirkorga Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 50 sotix yer maydoni bo‘yicha bekor qilingan qarorni qayta tiklab berishni va’da qilib, 95 ming AQSH dollarini olgani aytilmoqda.

Tergov materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchi ijtimoiy tarmoqlar orqali ham fuqarolar bilan aloqa o‘rnatgan. U prokuraturada ishlashini aytgan holda fuqaroning Cobalt avtomobilini yangi Gentra mashinasiga almashtirib berishni va’da qilgan. Avtomobilni qo‘lga kiritgach, uni boshqa shaxsga sotib yuborgan va mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatgan.

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi yana bir fuqaro bilan yaqin munosabat o‘rnatib, uning uy kaliti nusxasini qo‘lga kiritgan. Keyinchalik uy egasi safarda bo‘lgan vaqtda xonadonga kirib, qimmatbaho tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgan.

2026 yil 18-iyun kuni unga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘irlik va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Sud qarori bilan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Teglar

Mavzuga oid