Toshkentdagi Palov muzeyi 150 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi
Caravan Group’ga tegishli ovqatlanish joylari — Palov muzeyi, Caravan va Cinara’s restoranlari umumiy 24,4 mln dollarga sotuvga chiqarildi.

Caravan Group restoranlar tarmog‘ining egasi va asoschisi Timur Musin o‘zining bir qator umumiy ovqatlanish muassasalarini sotuvga qo‘ydi. Bu haqida e’lonlar OLX Uzbekistan platformasiga joylashtirilgan.
Palov muzeyi sotilishi haqida e’lon OLX’ga 13-aprel kuni chiqarilgan. Restoran uchun 150 mlrd so‘m narx belgilangan bo‘lib, u 5 qavatli 5 800 kv metr binoda faoliyat olib boradi.
Restoran manzili Kichik halqa yo‘lida, Katta Darxon ko‘chasida joylashgan. E’londa binoni 1 100 kv metrdan boshlab sotish mumkinligi aytilgan.
Palov muzeyida osh narxlari bozordagidan nisbatan ancha qimmatroq hisoblanadi. Bu restoran asosan turistik ko‘rinishda, shahar mehmonlari uchun mo‘ljallangani bilan izohlanadi.
Caravan restorani Yakkasaroy tumanida, Do‘stlik bog‘i yaqinida faoliyat olib boradi. Uning 7 sotix yerda, umumiy maydoni 1 800 kv metrdan iborat binosi mavjud.
Restoran qishda 250 nafargacha, yozda 490 nafargacha mehmonni qabul qila olishi aytilgan. Unga 45 mlrd so‘m narx belgilangan.
Cinara’s restorani esa Toshkent viloyatida, Chorvoqda joylashgan bo‘lib, 80 sotix maydonni egallaydi. Ovqatlanish joyi umumiy 80 sotixlik maydonda faoliyat olib boradi.
Binolarning maydoni 1 400 kv metrni tashkil qiladi. Restoran bugun, 21-aprel kuni 45 mlrd so‘m narx bilan sotuvga qo‘yilgan.
E’londa barcha ovqatlanish joylari uchun o‘zini oqlash muddati taxminan 7 yil ekani ko‘rsatilgan. Uchta restoranning umumiy qiymati 294 mlrd so‘mga yoki dollarda 24,4 mln dollarga baholanmoqda.





