
Tramp: AQSH Afg‘onistondagi Bagram aviabazasiga qayta joylashishni rejalashtirmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp Afg‘onistondagi Bagram aviabazasiga harbiylarini qayta joylashtirish mumkinligini ma’lum qildi va buni «sensatsion yangilik» deb atadi.

Londonda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Donald Tramp 2021 yilda AQSH harbiylari tark etgan Bagram aviabazasi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
«Biz Afg‘onistonni tark etmoqchi edik, lekin buni kuch bilan va sharaf bilan amalga oshirmoqchi edik. Biz dunyodagi eng yirik harbiy bazalardan biri — Bagramni saqlab qolmoqchi edik. Lekin uni shunchaki topshirib yubordik», — dedi Tramp.Uning ta’kidlashicha, Amerika hozirda Bagram aviabazasini qaytarib olish yo‘lini izlamoqda.
«Aytmoqchiman, biz u yerga qayta kirish harakatidamiz. Bu ehtimol sensatsion xabar bo‘lishi mumkin. Bazadan bir soatlik masofada Xitoy o‘zining yadroviy qurollarini ishlab chiqaradi. Demak, u yerda jiddiy jarayonlar bo‘lyapti», — deya qo‘shimcha qildi u.Bagram aviabazasi — Afg‘onistonning Parvon viloyatida joylashgan, 2001–2021 yillar mobaynida AQSH va NATO kuchlarining asosiy harbiy logistika markazi hisoblangan edi.





