
Tramp AQSHdagi eng yirik deportatsiya dasturini boshlashni buyurdi
16.06.2025 | 14:4038213
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat miqyosida migrantlarni deportatsiya qilish va ushlab turish jarayonlarini yanada kengaytirishga doir yangi farmon qabul qildi. Bu qaror fuqarolarning migratsiya siyosatiga qarshi keng qamrovli norozilik namoyishlari fonida e’lon qilindi.
Tramp Truth Social sahifasida federal idoralarga murojaat qilib, «AQSH tarixidagi eng yirik deportatsiya dasturini amalga oshirish» uchun barcha resurslarni ishga solishni buyurdi. U Los-Anjeles, Chikago va Nyu-York shaharlarini alohida nishon sifatida tilga oldi.
Ushbu shaharlar 6 iyundan beri noqonuniy migrantlarga qarshi reydlar fonida katta namoyishlarga guvoh bo‘lmoqda. Tramp bu namoyishlarga harbiy kuch jo‘natgani uchun sudlashuv va tanqidlarga duch kelgan.
Prezident ayni paytda Milliy narkotiklar agentligi (DEA) va Ichki xavfsizlik boshqarmasi (ICE) xodimlariga murojaat qilib: «Mening sizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Endi boring va bu ishni bajaring!», — deb yozdi.
14 iyun kuni Trampning 79 yoshini nishonlash arafasida Vashingtonda AQSH armiyasining 250 yilligi munosabati bilan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Shu kuni «No Kings» harakati Los-Anjelesdan Nyu-Yorkkacha namoyishlar tashkil qildi. Solt-Leyk-Sitidagi ushbu harakat namoyishida otishma sodir bo‘lib, bir kishi halok bo‘ldi.
Trampning farmoni, shuningdek, «panoh shaharlar» deb ataluvchi, federal migratsiya idoralari bilan hamkorlikni cheklovchi hududlarga ham yo‘naltirilgan. Bu shaharlar rahbarlari o‘z qonuniy huquqlarini himoya qilib, noqonuniy migrantlarni himoya qilishda davom etmoqda.
Mazkur farmon Trampning 2024 yilgi saylovoldi va’dalaridan biri — «Amerika tarixidagi eng yirik jinoiy deportatsiya dasturini amalga oshirish» rejasining davomidir. So‘nggi so‘rovlar bu tashabbusga katta jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi borligini ko‘rsatgan, ammo amaliyotda esa qarshiliklar kuchaymoqda.





