
Tramp jamoasi falastinliklarni Liviyaga ko‘chirish rejasini muhokama qilmoqda
21.05.2025 | 17:012493
Donald Trampga yaqin shaxslar AQSHdagi muzlatilgan aktivlar evaziga bir milliongacha falastinlikni Liviyaga joylashtirish rejasini muhokama qilmoqda. Bu reja mintaqadagi ulkan geosiyosiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

TRTning NBC Newsʼga tayanib ma’lum qilishicha, Tramp jamoasining yuqori lavozimdagi a’zolari G‘azo sektoridagi falastinliklarni ommaviy ko‘chirish bo‘yicha maxfiy reja ustida ish olib borishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu tashabbus bir millionga yaqin odam — ya’ni G‘azo aholisining yarmini — Liviyaga joylashtirishni o‘z ichiga oladi.
Reja asosida Liviyaga AQSH tomonidan muzlatilgan milliardlab dollar aktivlar yechib berilishi va ular falastinlik qochqinlarni qabul qilish sharti bilan taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Ikki manbaning ta’kidlashicha, bu masala bo‘yicha Liviya rahbariyati bilan muzokaralar allaqachon boshlangan. Yana uchta manba Isroil bu tashabbusdan avvaldan xabardor bo‘lganini ma’lum qilgan.
Trampning o‘zi G‘azoni «ozodlik hududi»ga aylantirish g‘oyasini oldin ham taklif qilgan. Biroq tahlilchilar ta’kidlashicha, u bu yerda «falastinliklardan xoli hudud»ni nazarda tutmoqda. Bu g‘oya arab davlatlari tomonidan qattiq tanqid qilingan va noqonuniy, majburiy ko‘chirish sifatida baholangan.
Trampning bu tashabbusi yaqindagi saylov kampaniyasi doirasida mintaqaviy muammolarga o‘z usulida yondashuvini ko‘rsatmoqda. Ammo bu reja amalga oshsa, G‘azodagi inqiroz yanada keskinlashishi va yangi siyosiy ziddiyatlarga zamin yaratishi mumkin.





