
Tramp: «Putin hafsalamni pir qildi. U ko‘proq yo‘qotmoqda, ko‘proq o‘ldirmoqda»
19.09.2025 | 09:3050133
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbarini tanqid qildi va Ukraina urushida Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlarga uchrayotganini bildirdi.

18 sentyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, Putin uning umidlarini puchga chiqargan.
«U hafsalamni pir qildi. U ko‘p insonlarni o‘ldirmoqda va undan-da ko‘prog‘ini yo‘qotmoqda. Rostini aytsam, Rossiya askarlari ukrainaliklarga nisbatan ko‘proq halok bo‘layapti», — dedi Tramp.Matbuot anjumanida Tramp Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer bilan ishtirok etdi. Ular Ukrainaga qo‘shimcha yordam yo‘llarini muhokama qilgan. Trampning yana bir bor ta’kidlashicha, agar u prezident bo‘lganida, Ukraina urushi boshlanmagan bo‘lardi.
«Bu urushda millionlab odamlar, millionlab jonlar halok bo‘ldi. Bu amerikalik askarlar emas. Bunday tezlikda inson yo‘qotishlar Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan. Shu bois men buni to‘xtatishga majburman», — dedi u.Tramp, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Oq uyda o‘tgan uchrashuvni eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘shanda ham bu mojaro katta urushga aylanishini oldindan ko‘rgan.
«Bu mojaro uchinchi jahon urushiga aylanishi mumkin edi. Lekin menimcha, biz hozir bundan uzoqlashdik. Ammo bu shunga olib borayotgan edi. Bu fojia», — deya xulosa qilgan Tramp.





