
Tumanlarda 9 ta vazirlik bo‘limi hokimlikka o‘tadi, boshqaruv tubdan yangilanadi
16.06.2025 | 17:2025693
Prezident tashabbusi bilan 9 ta vazirlikning tuman bo‘limlari hokimlik tizimiga o‘tkazilib, hokimlarga keng vakolatlar berildi. Bu yangilik tuman va shaharlarda boshqaruv, ish haqi va intizom tizimida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan yangi islohotga muvofiq, mamlakatda tumanlar darajasida boshqaruv tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Joriy yil yakuniga qadar bu tajriba Surxondaryo viloyatida to‘liq joriy etiladi, qolgan hududlarda esa 15 ta tuman va shaharda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Yangi tizimga ko‘ra, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar siyosatiga mas’ul bo‘lgan tuman bo‘limlari hokimlikka o‘tkaziladi. Hokim endi bu idoralardagi shtatlar tarkibini o‘zi belgilab, ishga olish yoki bo‘shatish masalalarini mustaqil hal etadi.
Prezident bu tashabbusni Sirdaryo tumani misolida ko‘rsatib, boshqaruvdagi bo‘shliqlar va mas’uliyatsizlikni bartaraf etish muhimligini ta’kidladi. Yangi tizim fuqarolarga yaqin, faol va mas’uliyatli boshqaruvni shakllantirishni ko‘zlaydi.
Hokimliklarda ish muhitini yanada jozibador qilish maqsadida 1 avgustdan boshlab viloyat va tuman hokimliklari xodimlarining ish haqi oshiriladi. Shuningdek, oylik maoshga ustama va bonuslar joriy qilinadi. Shu bilan birga, vazifasini bajara olmagan mansabdorlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishi belgilandi.
«G‘alvirni suvdan ko‘tarib, kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman», — dedi Prezident ma’ruzasi yakunida. Ushbu jarayonda Prezident Administratsiyasi, Hukumat va viloyat hokimlari to‘liq mas’ul etib belgilandi.





