add

Turkiy dunyo «Qanun» va «Qamus» orqali til birligini mustahkamlamoqda

TÜRKPA ishga tushirgan yangi raqamli loyihalar — «Qanun» va «Qamus» («Qonun» va «Qomus») turkiy mamlakatlar o‘rtasida huquqiy va til birligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Turkiy dunyo «Qanun» va «Qamus» orqali til birligini mustahkamlamoqda

Turkiy davlatlar parlamentlari assambleyasi (TÜRKPA) turkiy mamlakatlar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va til birligini rivojlantirish maqsadida «Qanun» va «Qamus» deb nomlangan ikki muhim raqamli loyihani ishga tushirdi, deb xabar bermoqda TRT Haber.

TÜRKPA Bosh kotibi Buyuk elchi Mehmet Surayyo Erning ma’lum qilishicha, mazkur loyihalar turkiy dunyo uchun umumiy raqamli platformani yaratish va umumiy xotira shakllantirishga qaratilgan.

«Qanun» loyihasi orqali Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmanistonning huquqiy bazalari yagona elektron tizimda jamlanadi. Tizim turkcha, ozarboyjoncha, qozoqcha, qirg‘izcha va ingliz tilida ishlaydi. Unda hujjatlarda izlash, saralash, belgilash va shaxsiy ish fayllarini yaratish imkoniyatlari mavjud.

Bu tizim huquqiy matnlarni tahlil qilish, qiyosiy tahlil o‘tkazish va umumiy huquqiy yondashuvlarni shakllantirishda turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytiradi.

«Qamus» loyihasi esa turkiy tillarning lug‘at boyligini qiyosiy tahlil qilish imkonini beradi. Unda o‘zbekcha, turkcha, ozarboyjoncha, qozoqcha, qirg‘izcha, turkmancha, boshqirdcha, tatarcha va uyg‘urcha tillar qamrab olingan. Bu loyiha mustahkam akademik manbalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, «Misolli katta turkcha lug‘at» bilan integratsiya ishlari boshlangan.

«Qamus» orqali so‘z ma’nolarini izlash, manbalarni filtrlash, ko‘p tilli tahlil va lug‘atlar o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash mumkin bo‘ladi.

2023 yilda boshlangan ushbu raqamli islohotlar TÜRKPAning «Tilda, fikrda va ishda birlik» shiori asosida amalga oshirilmoqda. Mehmet Surayyo Erga ko‘ra, platformalarning ishlashi uchun hech qanday o‘rnatish yoki ro‘yxatdan o‘tish talab etilmaydi — turkpa.org, qanun.turkpa.org va qamus.turkpa.org saytlari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Turkiy dunyo «Qanun» va «Qamus» orqali til birligini mustahkamlamoqda | Vaqt.uz