
Turkiya markaziy banki qayta moliyalash stavkasini 46 foiz darajasida qoldirdi
19.06.2025 | 22:1513734
Turkiya Markaziy banki 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy foiz stavkasini 46 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu qaror inflyatsiyaning pasayishi kutilayotgan bo‘lsa-da, uning xavflari hali ham saqlanayotgani sabab qabul qilindi.

Turkiya markaziy banki 19 iyun kungi majlisida asosiy qayta moliyalash stavkasini 46 foiz darajasida saqlab qoldi. Shuningdek, overnayt kreditlar uchun stavka 49 foiz, depozitlar uchun esa 44,5 foiz etib qoldirildi. Bu haqda regulyator rasmiy saytida ma’lum qildi.
Bank bayonotida aytilishicha, inflyatsiya borasida iyun oyida ma’lum bir pasayish kutilmoqda. Biroq inflyatsion kutilmalar va bozordagi narxlar shakllanishi dezinflyatsiya jarayoniga xavf solmoqda. Shu munosabat bilan Markaziy bank ehtiyotkorlik bilan qaror qabul qilishi va geosiyosiy vaziyat hamda xalqaro savdo tizimidagi proteksionist siyosatlarni kuzatishi kerakligi ta’kidlandi.
Turkiya iqtisodiyotida bazaviy inflyatsiyani pasaytirish va o‘rta muddatli maqsad — 5 foizlik inflyatsiya darajasiga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlari yaratish rejalashtirilmoqda. Mazkur maqsadlar inflyatsiyani barqaror pastga qaratish uchun muhim bosqich sanaladi.
Aprel oyida Turkiya Markaziy banki stavkada kutilmagan oshirishga borib, uni 42,5 foizdan 46 foizga ko‘targandi. Bu qaror liraning qator minimal darajalarga tushib ketishi va Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lining qo‘lga olinishi fonida qabul qilingan. Mart oyida dollar kursining liraga nisbatan 12 foizga ko‘tarilib, tarixda ilk bor 1 dollar 41 liradan oshgani ham bankni qo‘shimcha intervensiyalarga majbur qilgandi.
Shuningdek, o‘tgan dekabrdan boshlab bank uch marta stavka pasaytirishni amalga oshirgan edi. 2024 yil dekabrida 50 foizdan 47,5 foizga, 2025 yil yanvar va mart oylarida esa mos ravishda 45 foiz va 42,5 foizgacha tushirilgan. Ammo hozirgi bosqichda inflyatsiyaning yuqori darajasi fonida 46 foizda to‘xtab turish maqsadga muvofiq, deb baholanmoqda.
Keyingi yig‘ilish 24 iyul kuni bo‘lib o‘tadi va unda foiz siyosatining yana qanday yo‘nalish olishi mumkinligi ko‘rib chiqiladi.





