Turkmanistonda 8-mart uchun xotin-qizlarga 60 manat pul mukofoti ajratiladi

26.02.2026 | 09:152 daqiqa

Turkmaniston prezidenti qaroriga ko‘ra, mukofotlar 2–6-mart kunlari barcha toifadagi xotin-qizlarga tarqatiladi.

Turkmanistonda 8-mart uchun xotin-qizlarga 60 manat pul mukofoti ajratiladi

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 8-mart — «Xalqaro xotin-qizlar kuni» munosabati bilan mamlakatdagi barcha ayollarga 60 manat miqdorida pul mukofoti berishni topshirdi. Bu haqda «Turkmenistan: Zolotoy vek» nashri xabar qildi.

Rasmiy kurs bo‘yicha ushbu summa taxminan 17 dollarga teng. Biroq amaldagi qora bozor kursi hisobida to‘lov qiymati qariyb 3 dollarga to‘g‘ri keladi.

Hukumat bayonotida mazkur qaror ayollarning «mamlakat ravnaqi yo‘lidagi islohotlardagi yuksak xizmati, Vatanga sadoqati hamda sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashdagi hissasi»ni e’tirof etish maqsadida qabul qilingani ta’kidlangan.

Mukofot kimlar uchun?

Pul mukofotlari 2-martdan 6-martga qadar mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona va tashkilotlarda ishlayotgan xotin-qizlarga, shuningdek, pensiya va davlat nafaqasi oluvchilarga tarqatiladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarishdan ajralgan holda aspirantura, doktorantura va klinik ordinaturada tahsil olayotganlar, Prezident huzuridagi Davlat xizmati akademiyasi o‘quvchilari, oliygoh talabalari, maktab o‘quvchilari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari ham ushbu mukofotni oladi.

2019 yildan buyon mamlakatda oziq-ovqat va iste’mol tovarlari narxi bir necha barobar oshganiga qaramay, 8-mart munosabati bilan ajratiladigan summa yetti yildirki o‘zgarishsiz qolmoqda. 2019 yilgacha bayram mukofoti 40 manatni tashkil etgan.

Ayni paytda mamlakatda milliy valutaning rasmiy kursi 2015 yildan beri o‘zgarmagan holda 1 dollar uchun 3,5 manat etib belgilangan. Biroq qora bozordagi kurs taxminan 19,5 manat atrofida shakllangan. Shu bois hukumat taqdim etayotgan 60 manat miqdoridagi pul sovg‘asi rasmiy kurs bo‘yicha qariyb 17 dollarni tashkil etsa-da, atigi 3 dollarga teng bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid