add

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari ishlab chiqiladi, guruhga Rubio rahbarlik qiladi

20.08.2025 | 08:4013283

Tramp va Yevropa yetakchilari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini tayyorlash bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzishga kelishishdi. Guruhni AQSH davlat kotibi Marko Rubio boshqaradi.

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari ishlab chiqiladi, guruhga Rubio rahbarlik qiladi
AQSH prezidenti Donald Tramp va Yevropa davlatlari rahbarlari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib oldi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, ushbu guruhga AQSH davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi. Guruh tarkibiga AQSH Milliy xavfsizlik kengashi maslahatchilari va NATO vakillari kiradi. Loyiha to‘rt asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: harbiy ishtirok, havo hujumlaridan himoya, qurol-yarog‘ yetkazib berish va otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha monitoring. Yevropa rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ukrainada o‘zining harbiy kontingentini joylashtirishni rejalashtirmayapti. Uning o‘rniga Yevropa tinchlikparvar kuchlariga bilvosita harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer Oq uydagi muzokaralardan keyin AQSHning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha harakat qilishga tayyorligi eng muhim natija bo‘lganini ta’kidlashdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Vashingtonda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u «Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning barcha a’zolari Ukrainaga harbiy kontingent yuborishiga umid bog‘lamasligini tan oldi.

Teglar

Mavzuga oid