add

Ukrainada mehnat qulligidan ozod qilingan 19 o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi

Avvalroq Kiyev viloyatidagi issiqxonada majburiy mehnatga jalb etilgan O‘zbekiston fuqarolarining Ukraina huquq-tartibot idoralari tomonidan ozod etilganligi haqida xabar berilgan edi.

Ukrainada mehnat qulligidan ozod qilingan 19 o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi

Kiyev oblastidagi issiqxonalardan birida 13 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi og‘ir sharoitda majburiy mehnatga jalb etilgani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Ukraina TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborilgan edi.

3 noyabr kuni Ukrainada mehnat qulligiga duchor bo‘lgan va sentabr oyida huquq-tartibot organlari tomonidan ozod etilgan 19 nafar o‘zbekistonlik fuqaro Vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi ma’lum qilishicha, fuqarolarni qaytarish jarayoni elchixona, Ukraina Milliy politsiyasi hamda Xalqaro migratsiya tashkilotining Ukraina va Moldovadagi vakolatxonalari o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshirildi.

Ukraina prokuraturasi va politsiyasi sentabr oyida Kiyev viloyatidagi issiqxonada majburiy mehnatga jalb etilgan shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ishchilarning pasportlari olib qo‘yilgan, ular esa ozodliklaridan mahrum etilgan holda og‘ir mehnatga majburlangan. Dastlab 22 yoshdan 42 yoshgacha bo‘lgan 13 nafar jabrlanuvchi haqida xabar berilgandi. O‘rganishlar natijasida ular 19 taligi ma’lum bo‘lgan.

Tergov natijasida mazkur jinoiy sxemani 51 yoshli Xitoy fuqarosi tashkil etgani, unga yana ikki nafar xitoylik, bir tailandlik, besh ukrainalik va bir o‘zbekistonlik yordam bergani aniqlangan. O‘zbekistonliklarga yuqori maosh va’da qilingan, ammo Ukrainaga yetib kelgach, ularning hujjatlari olib qo‘yilgan.

Elchixona va Xalqaro migratsiya tashkiloti yordamida olib borilgan muzokaralar natijasida barcha fuqarolar «jabrlanuvchi» maqomini oldi. Bu ularga nisbatan Ukraina qonunchiligi bo‘yicha jazo choralari qo‘llanishining oldini oladi.

28 oktabr kuni XMT mablag‘lari hisobiga o‘zbekistonliklar Kiyevdan Kishinyovga yetkazildi. Ular uchun xavfsiz yashash sharoiti va oziq-ovqat bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.

2 noyabr kuni XMT vakillari hamrohligida Kishinyov–Istanbul–Urganch yo‘nalishi orqali ular Vatanga yo‘l oldi va 3 noyabr kuni O‘zbekistonga yetib keldi.

Teglar

Mavzuga oid

Ukrainada mehnat qulligidan ozod qilingan 19 o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi | Vaqt.uz