
Ulan-Ude va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
19.10.2025 | 14:0044953
30 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonning Centrum Air aviakompaniyasi Ulan-Ude va Toshkent shaharlarini bog‘laydigan to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni amalga oshiradi. Yangi yo‘nalish ikki hudud o‘rtasida sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalarini kuchaytiradi.

«Dunyo» axborot agentligining ma’lum qilishicha, Centrum Air xususiy aviakompaniyasi 30 oktyabrdan boshlab Ulan-Ude – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha doimiy parvozlarni boshlaydi. Reyslar Airbus A320 samolyoti orqali haftada bir marta, payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Buryatiya poytaxtidagi «Baykal» aeroporti ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Toshkent Markaziy Osiyoda tez sur’atlarda rivojlanayotgan aviatsiya markazlaridan biri bo‘lib, u Bangkok, Seul, Guanchjou, Tbilisi va Dubay kabi yirik shaharlarga qulay ulanish imkoniyatini taqdim etadi.
Yangi havo qatnovi Buryatiya Respublikasidan xalqaro reyslar geografiyasini kengaytirishi va mahalliy aholi uchun sayohat imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, reyslar O‘zbekiston va Buryatiya o‘rtasidagi o‘zaro turizm oqimini sezilarli darajada ko‘paytirishi mumkin.
Ushbu yo‘nalishni ochish masalasi ilk bor joriy yil 22 may kuni Ulan-Ude shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilingan edi. Unda Buryatiya bosh vaziri o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Amgalan Darmayev hamda O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli ishtirok etgan.
Mutasaddilarning fikricha, yangi reys ikki hudud o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va transport logistikasini yaxshilashga xizmat qiladi.





