add

Universal QR kodli to‘lov tizimlari dekabrda sinovdan o‘tkaziladi

28.11.2025 | 20:201792 daqiqa

O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun turli to‘lov ilovalari tomonidan qo‘llanadigan alohida QR kodlar o‘rniga universal QR kodli to‘lov tizimi joriy etiladi.

Universal QR kodli to‘lov tizimlari dekabrda sinovdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda dekabr oyidan universal QR kodli to‘lov tizimi pilot tarzida yo‘lga qo‘yiladi. Bu prezidentning 27-noyabrda qabul qilingan moliyaviy texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha bosh maqsadi — turli to‘lov ilovalari o‘rniga yagona QR orqali barcha xizmatlarni qamrab oluvchi standartni joriy etishdir.

Markaziy bank 2026 yil yanvar oyiga qadar mamlakat to‘lov tizimlarida universal QR koddan foydalanish tartibini belgilaydigan normativ hujjatni ishlab chiqishi kerak. Ushbu standart tasdiqlangach, tadbirkorlar xaridorlarga bir nechta QR taxtachalar taklif qilish o‘rniga yagona koddan foydalanadi, mijoz esa istalgan to‘lov ilovasi orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Markaziy bank To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Miraziz Mirhayotovning ta’kidlashicha, hozirgi amaliyotda savdo nuqtalari bir nechta QR kod o‘rnatishi xaridorga noqulaylik tug‘dirmoqda. Uning fikricha, standartlashtirish jarayonini to‘liq joriy etish uchun taxminan bir yil vaqt talab etiladi.

Hozirgi statistika ham QR to‘lovlarga talab keskin oshganini ko‘rsatadi. 2024 yilda individual QR kod olgan tadbirkorlar soni 108 mingdan oshdi. QR orqali amalga oshgan to‘lovlar hajmi qariyb 31 foizga o‘sib, 441,79 milliard so‘mga yetdi. Bu tendensiya raqamli to‘lov infratuzilmasining tez sur’atlar bilan kengayayotganini anglatadi.

Markaziy bankka ko‘ra, QR orqali to‘lovning asosiy afzalliklari — POS-terminallarga ehtiyoj qolmasligi tufayli tadbirkorlar xarajatlarining kamayishi va amalga oshirilgan integratsiyalar orqali soliq keshbekining avtomatik hisoblanishidir. Ushbu islohotlar raqamli iqtisodiyotni kengaytirish va to‘lov ekotizimini yanada qulay qilishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qaror doirasida 2026 yildan mamlakatda «ochiq banking» tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid