Uy-joy uchun ipoteka: qaysi banklar eng past foizli kreditlarni taklif qilmoqda?
O‘zbekistonda Markaziy banki banklar kesimida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.
© istockO‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil 4-may holatiga ko‘ra, banklar kesimida aholiga ajratilayotgan ipoteka kreditlari bo‘yicha yangilangan foiz stavkalarini e’lon qildi.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,5 foizni tashkil etgan. Banklar o‘rtasidagi farq hanuz sezilarli bo‘lib, eng past va yuqori ko‘rsatkichlar orasida qariyb 6 foizlik tafovut saqlanib qolmoqda. O‘tgan haftada ham ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,5 darajasida edi.
Eng past foiz stavkasi 20,2 foiz bilan «Milliy bank» tomonidan taklif etilmoqda. O‘tgan haftada eng past foiz stavkadagi kreditlarni «Aloqabank» taklif etgandi. Shuningdek, «SQB» 21,0 foiz, «Asakabank» 21,6 foiz va «Ipoteka bank» hamda «Agrobank» 21,7 foizdan ipoteka kreditlarini taqdim etmoqda. «Hamkorbank»da bu ko‘rsatkich 22,0 foizni tashkil etgan.
O‘rta diapazondagi banklar qatoriga «Orient Finans bank» (22,5 foiz), «Xalq banki» (23,2 foiz), «BRB» (23,4 foiz) va «Aloqabank» (24,0 foiz) kiradi. Shuningdek, «Infinbank» (24,2 foiz), «Trastbank» (24,3 foiz) va «Davrbank» (24,6 foiz) ham shu segmentda joylashgan.
Yuqori segmentda esa stavkalar 24,8 foizdan yuqori. Jumladan, «Mikrokreditbank» 24,8 foiz, «Ipak Yo‘li bank» 24,9 foiz va «Openbank» 25,0 foiz stavka bilan kredit ajratmoqda. Shuningdek, «Turon bank» 25,9 foiz, «Universal bank» va «Asia Alliance bank» 26,0 foizdan ipoteka kreditlari taklif etmoqda.

Manba: Markaziy bank





