Vengriyada tarixiy saylovlar: Orban 16 yillik hukmronlikdan so‘ng mag‘lubiyatga uchrashi mumkin

Kecha 08:554 daqiqa

12-aprel kuni Vengriyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. So‘rovnomalarga ko‘ra, Bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi hukmron «Fides» partiyasi asosiy muxolifatdagi «Tisa» partiyasiga imkoniyatni boy bermoqda.

Vengriyada tarixiy saylovlar: Orban 16 yillik hukmronlikdan so‘ng mag‘lubiyatga uchrashi mumkin

So‘nggi 16 yil ichida ilk bor Viktor Orbanning beqiyos hukmronligiga jiddiy xavf tug‘ildi. Biroq u osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emas. Uning qo‘lida saylov natijalarini hal qilishi mumkin bo‘lgan butun boshli ma’muriy va targ‘ibot mashinasi mavjud.

VAQT.UZ Orban qanday qilib shuncha vaqt hokimiyatda qolgani, uning asosiy raqibi kimligi va ushbu saylovlarda geosiyosatning (xususan, Rossiya va Ukrainaning) o‘rni qandayligini tahlil qiladi.

Orban hokimiyatni qanday ushlab turdi?

2010-yilda hokimiyatga kelgan Orban darhol o‘zining uzoq muddatli boshqaruvi uchun poydevor yaratishga kirishdi. 2011-yilda amalga oshirilgan parlament islohoti «Fides» partiyasining keyingi saylovlardagi dominantligini ta’minladi. Masalan, yangi tizim tufayli partiya ovozlarning yarmini olsa ham, parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismiga (konstitutsiyaviy ko‘pchilikka) egalik qilish imkonini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, rejim o‘z elektoratini kengaytirish uchun qator taktik yurishlarni amalga oshirdi:

«Saylov turizmi» va xorijdagi vengrlar: Qo‘shni davlatlar (Ruminiya, Slovakiya, Ukraina)da yashovchi 500 mingga yaqin etnik vengrlarga fuqarolik va ovoz berish huquqi berildi. Ularning 90 foizi aynan Orbanni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ijtimoiy populizm va ovoz sotib olish: Qishloq joylardagi kambag‘al aholiga oziq-ovqat, o‘tin yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri pul tarqatish («kartoshka tarqatish» deb nom olgan tizim) orqali ovozlar yig‘ildi.

Media ustidan total nazorat: Mamlakatdagi ommaviy axborot vositalarining 80 foizi hukumat nazoratiga o‘tdi. 500 dan ortiq nashrlarni birlashtirgan «KESMA» mediakonglomerati Orbanning targ‘ibot mashinasiga aylandi, mustaqil OAVlar esa moliyaviy jihatdan bo‘g‘ib qo‘yildi.

Inqiroz va muxolifatning yangi yulduzi

Shunday qudratli tizimga qaramay, «Fides»ning pozitsiyasi ichki muammolar sabab larzaga keldi. Iqtisodiyotda o‘sish past, budjet taqchilligi 5 foizdan oshgan, davlat qarzi esa Yevropa Ittifoqi (yevrohududga kirmaydigan davlatlar) ichida eng yuqori ko‘rsatkich (73,5 foiz)ga chiqdi. Boz ustiga, Brussel Vengriyada qonun ustuvorligi buzilgani sababli 30 mlrd yevrolik moliyaviy yordamni muzlatib qo‘ydi. Jamiyatda korrupsiya va qarindosh-urug‘chilikdan norozilik kuchaydi (Orbanning sobiq chilangar do‘sti Lyorins Mesarosh mamlakatning eng boy odamiga aylangani buning yorqin misolidir).

Aynan shunday sharoitda muxolifatda yangi yulduz porladi — 44 yoshli Peter Madyar. U uzoq yillar «Fides» a’zosi bo‘lgan va sobiq adliya vaziri Yudit Varganing eri edi. 2024-yil boshida Madyar yuqori mansabdorlarning jinoyatlari haqidagi audioyozuvlarni e’lon qilib, mamlakat prezidentining iste’fosiga sabab bo‘lgan siyosiy inqirozni keltirib chiqardi.

Shundan so‘ng u «Tisa» partiyasiga yetakchilik qila boshladi va uni sanoqli oylar ichida mamlakatning eng yirik siyosiy kuchiga aylantirdi. Madyar Orbanni o‘zining maydonida dog‘da qoldirmoqda: u ham konservativ qadriyatlarni himoya qiladi, migrantlarga qarshi chiqadi, ammo korrupsiyaga qarshi shafqatsiz kurash va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilashni va’da qilmoqda. So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, «Tisa» 49-56 foiz ovoz bilan Orban partiyasidan 10-15 foizga o‘zib ketgan.

Saylovlarning bosh mavzusi: Rossiya va Ukraina

Ushbu saylov kampaniyasida tashqi siyosat hal qiluvchi qurolga aylandi.

Orbanning Kreml bilan o‘ta yaqin aloqalari G‘arb matbuoti tomonidan fosh qilinmoqda. Xususan, Vengriya tashqi ishlar vaziri Siyyartoning rossiyalik hamkasbi Lavrovga Yevropa diplomatlarining maxfiy muzokaralari haqida ma’lumot yetkazgani, shuningdek, Putin va Orban o‘rtasidagi yaqin do‘stona suhbatlar stenogrammasi tarqaldi. Orbanga yordam berish uchun Budapeshtga rossiyalik siyosiy texnologlar kelgani va Kremlning «Shtorm-1516» dezinformatsiya guruhi Madyarga qarshi feyklar tarqatayotgani aytilmoqda.

Orban esa o‘z elektoratini qo‘rqitish taktikasidan foydalanmoqda. U muxolifat yetakchisini Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ittifoqchisi sifatida ko‘rsatib, «Agar Madyar yutsa, Vengriya urushga tortiladi», degan qo‘rquvni singdirmoqda. Ko‘chalardagi bannerlarda Zelenskiyning kulib turgan yuzi tushirilib, «Zelenskiyning oxirgi bo‘lib kulishiga yo‘l qo‘ymang!» degan shiorlar osilgan. Shuningdek, Orban Ukraina orqali o‘tuvchi «Do‘stlik» neft quvurini ro‘kach qilib, Kiyevni Vengriyaning energetik xavfsizligiga tahdid qilishda ayblamoqda va YIning Ukrainaga yordam paketlarini bloklashda davom etmoqda.

Orbanni qo‘llab-quvvatlash uchun Budapeshtga hatto AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham tashrif buyurib, YI byurokratlarini Vengriya iqtisodiyotini yo‘q qilishga urinishda aybladi.

Orban yutqazsa, Vengriya o‘zgaradimi?

Agar 12-aprel kuni muxolifat mo‘’jiza yaratib g‘alaba qozongan taqdirda ham, mamlakat siyosiy kursining keskin o‘zgarishini kutish qiyin.

Birinchidan, «Tisa» partiyasi parlamentda konstitutsiyaviy ko‘pchilikni (2/3 qism) qo‘lga kirita olmasligi aniq. Ikkinchidan, mamlakatdagi eng muhim nazorat organlari — Bosh prokuratura, Konstitutsiyaviy sud, Ombudsman va hatto mamlakat Prezidenti lavozimlarida Orbanning sodiq odamlari o‘tiribdi. Ular yangi hukumatning har qanday islohotini osonlikcha bloklashi mumkin.

Uchinchidan, mediamakon hamon Orban tarafdorlarining qo‘lida qoladi. Bundan tashqari, yangi hukumat ulkan budjet taqchilligi bilan yuzma-yuz keladi.

Xulosa qilib aytganda, Viktor Orban saylovda yutqazgan taqdirda ham, uning 16 yil davomida yaratgan qudratli tizimini demontaj qilish jarayoni juda uzoq, murakkab va og‘riqli kechadi.

Teglar

Mavzuga oid

Vengriyada tarixiy saylovlar: Orban 16 yillik hukmronlikdan so‘ng mag‘lubiyatga uchrashi mumkin | Vaqt.uz