
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda DXSH loyihalaridagi risklar haqida ogohlantirdi
30.06.2025 | 18:0014733
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) mutaxassislari O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan risklarga e’tibor qaratdi va mamlakatni boshqa davlatlar tajribasidan xulosa chiqarishga chaqirdi.

XVJ xulosalarida ta’kidlanishicha, hozircha O‘zbekistonda DXSH shartnomalarini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq jiddiy holatlar kuzatilmagan. Biroq jamg‘arma ekspertlari kelajakda bunday muhokamalarga ehtiyoj tug‘ilishi mumkinligini istisno qilmayapti. Bu esa shartnomalarning barqarorligini ta’minlash va ortiqcha davlat majburiyatlari oldini olishda muhim sanaladi.
DXSH loyihalari davlat xarajatlarini qisqa muddatda kamaytirishi mumkin, ammo XVJ tahlillariga ko‘ra, kelajakda davlat uchun katta to‘lov majburiyatlari yuzaga kelishi ehtimoli bor. Masalan, elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarida davlat asosiy xaridor sifatida kelgusida katta mablag‘ to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar davlat qarzi va byudjet limitlariga bosimni kuchaytiradi.
O‘zbekistonning 2025 yilgi byudjeti doirasida yangi DXSH loyihalari uchun 6,5 milliard dollarlik chegara belgilangani XVJ tomonidan yuqori baholandi. Ekspertlar bu limitni keyingi yillarda pasaytirishni tavsiya etmoqda. Bu davlat majburiyatlarining ortib ketishi xavfini kamaytiradi.
Yana bir muhim risk manbai sifatida loyihalarni tanlashda markazlashgan tizimning yo‘qligi ko‘rsatilmoqda. Agar DXSH loyihalari samaradorlik nuqtayi nazaridan yagona markazlashgan platforma orqali baholanmasa, past samarali loyihalar tasdiqlanib ketishi xavfi ortadi. Shu bois, XVJ O‘zbekistonni loyihalar tanlovi va tasdig‘i jarayonlarini kuchaytirishga chaqiradi.





