
Xavfsiz bo‘lmagan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar reyestri shakllantiriladi
Ushbu tizim 2026 yil 1-martdan ikki axborot tizimining o‘zaro integratsiyasi asosida ishga tushiriladi.

2026 yildan qurilish materiallari xavfsizligini nazorat qilish kuchaytirilib, talablarga javob bermaydigan korxonalar yagona elektron reyestr orqali davlat xaridlaridan chetlatiladi.
O‘zbekistonda xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar bo‘yicha elektron reyestr shakllantiriladi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tizim 2026 yil 1-martdan “Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi asosida ishga tushiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ob’ektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar natijalari mazkur reyestrga avtomatik tarzda integratsiya qilinadi. Shu orqali xavfsizlik talablariga nomuvofiq mahsulot ishlab chiqargan korxonalar aniqlanib, ularning faoliyati haqida ochiq ma’lumot taqdim etiladi.
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, reyestrga kiritilgan va mahsuloti xavfsiz emas deb topilgan korxonalar davlat xaridlarida qatnashishi taqiqlanadi. Bu tartib bozorda sifatsiz materiallar aylanishiga chek qo‘yish va qurilishda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
Qurilish materiallari sohasida bilim va innovatsiyani rag‘batlantirish maqsadida, 2026 yil 1-yanvardan yosh olimlar uchun maxsus tartibda xorijiy ilmiy stajirovka tanlovi e’lon qilinadi. Bu dastur sohada amaliy tadqiqotlar va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Shuningdek, 2026–2028 yillar davomida ilmiy loyihalar uchun 30 milliard so‘mlik moliyalashtirish ajratiladi. Mazkur mablag‘ sohadagi ilmiy salohiyatni oshirish va mahalliy ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qilishi belgilangan.





