Xitoy ilk bor ko‘p martalik raketani Yerga muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Bu global kosmik poyga uchun nimani anglatadi?
Xitoy global kosmik poygada burilish yasadi: mamlakat tarixida ilk bor ko‘p marta foydalaniladigan raketa Yerga muvaffaqiyatli qaytarildi. 10-iyul kuni koinotga uchirilgan «Long March 10B» raketasi dengizdagi suzuvchi platformaga qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi.
© independent.co.ukXitoy aerokosmik fan va texnologiyalar korporatsiyasi (CASC) ma’lumotlariga ko‘ra, «Long March 10B» raketasi 10-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:15 da Xaynan orolidagi kosmodromdan fazoga uchirildi.
Yuqori pog‘onadan ajralganidan so‘ng, taxminan olti daqiqa o‘tib, raketa tezlatkichi vertikal holatda dengizdagi suzuvchi platformaga muvaffaqiyatli qo‘ndi.
«BBC» nashrining yozishicha, ushbu muvaffaqiyat Xitoyning global kosmik poygadagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydi. Ko‘p marta foydalaniladigan raketalar texnologiyasini o‘zlashtirish parvozlar tannarxini keskin kamaytirishga yo‘l ochadi. Bu esa kelajakda mazkur sohada Ilon Maskning «SpaceX» hamda Jeff Bezosga qarashli «Blue Origin» kompaniyalari orqali yetakchilik qilayotgan AQSHga jiddiy raqobat tug‘dirish imkonini beradi.
Odatda raketalar bir martalik hisoblanadi: parvoz davomida ularning qismlari ajralib, atmosferada yonib ketadi yoki okeanga qulaydi. Shu bois ham sun’iy yo‘ldoshlar va fazoviy apparatlarni koinotga uchirish juda katta mablag‘ talab qiladi.
Amerika va Xitoy texnologiyalari: farq va o‘xshashlik
2015 yilning dekabr oyida «SpaceX» kompaniyasi orbital parvozdan so‘ng «Falcon 9» raketasining birinchi pog‘onasini ilk bor Yerga muvaffaqiyatli qaytargan edi. Keyinroq «Blue Origin» ham shunday natijaga erishib, 2025 yilning noyabrida «New Glenn» raketasini qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.
Bugungi kunda «Falcon 9» yiliga 150 ga yaqin parvozni amalga oshirmoqda, uning tezlatkichlaridan esa o‘nlab marta foydalanish mumkin. Xitoy o‘zining ko‘p martalik raketasini yerga qo‘ndirish bo‘yicha ilk urinishini shu yilning fevral oyida amalga oshirgan edi. O‘shanda «Long March 10A» qo‘nish platformasi yaqinida suvga qulagan va bu to‘laqonli qo‘nish hisoblanmagandi.
Yerga yaqin past orbitaga kamida 16 tonna foydali yuk olib chiqishga qodir bo‘lgan yangi «Long March 10B» raketasini ko‘plab mutaxassislar Amerikaning «Falcon 9» tizimiga qiyoslamoqda.
Biroq ular o‘rtasida muhim farq bor. Agar «Falcon 9» quruqlikdagi maydonchaga yoki dengizdagi dron-platformaga mustaqil ravishda vertikal qo‘nsa, «Long March 10B» boshqa texnologiyadan foydalanadi. Qo‘nish vaqtida raketadagi maxsus ilgaklar suzuvchi platforma ustiga tortilgan to‘rga ilinib qoladi.
Muvaffaqiyatli sinov haqidagi e’londan so‘ng Xitoy kosmik kompaniyalarining aksiyalari keskin oshib ketdi. Xususan, «China Spacesat» va «China Satellite Communications» qimmatli qog‘ozlari 10 foizga qimmatlashdi — bu Xitoy fond bozori qoidalariga ko‘ra ruxsat etilgan bir kunlik eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir.
Xitoy Qo‘shma Shtatlar bilan oradagi farqni qisqartirmoqda
«NYT» nashrining yozishicha, ushbu tarixiy voqea Xitoy kosmik sanoati hali ham Qo‘shma Shtatlardan ortda qolayotganiga qaramay, oradagi farqni qisqartirayotganini yana bir isbotlaydi. Raketalarni parvozdan so‘ng tashlab yubormasdan, ulardan takroran foydalanish sun’iy yo‘ldosh va boshqa yuklarni fazoga olib chiqish xarajatlarini ham sezilarli darajada kamaytiradi.
«Bu ularning rivojlanayotganini anglatadi, ammo AQSHning bugungi imkoniyatlariga yetib olganini emas», — dedi Vashingtondagi «American Enterprise Institute» tahlil markazi ilmiy xodimi Todd Xarrison.
Ma’lumot o‘rnida, «Long March 10B» hajmi va imkoniyatlari jihatidan «Falcon 9»ga deyarli teng.
Ta’kidlash joizki, hozirgacha «SpaceX» o‘zining «Falcon 9» tezlatkichlarini 600 dan ortiq marta muvaffaqiyatli qo‘ndirishga erishgan.
Virjiniyadagi «BryceTech» aerokosmik konsalting kompaniyasi tahlilchisi Fil Smitning fikricha, raketaning qo‘ndirilishi vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubormasa-da, bu Xitoy raketa muhandislarining salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.
«Ilgari sifat unchalik yaxshi emasdek tuyulardi. Endi esa bu qarashlar ortda qoldi», — dedi u.
«Long March 10B» raketaсиning muvaffaqiyatli qo‘ndirilishi Xitoyning 2030 yilgacha Oyga o‘z astronavtlarini jo‘natish rejasiga bevosita ta’sir qilmaydi, sababi Oy missiyasi uchun bunday texnologiya talab etilmaydi. Ammo raketalardan qayta foydalanish imkoniyati xuddi «SpaceX» misolida bo‘lgani kabi, Xitoyning fazoviy parvozlar sanoatini jadallashtirishi mumkin.
Bundan o‘n yil avval «SpaceX» sun’iy yo‘ldoshlarni «Falcon 9» yordamida 62 million dollarga fazoga olib chiqish mumkinligini isbotlagan edi. Bu dunyodagi boshqa raqobatchilar taklif qilgan narxdan ancha arzon bo‘lgan. Biroq u vaqtlarda parvozlar hozirgidek tez-tez amalga oshirilmasdi.
Bu holat 2015 yilning 21-dekabridan o‘zgara boshladi. O‘shanda «Falcon 9» raketasining tezlatkichi sun’iy yo‘ldoshni koinotga olib chiqqach, bir necha daqiqa o‘tib Kanaveral burnidagi beton maydonchaga shikastlanmasdan, yumshoq qo‘ngan edi.
Kosmik biznesning iqtisodiy tomoni bir kechada o‘zgarib qolgani yo‘q — 2016 yilda «SpaceX» bor-yo‘g‘i sakkizta «Falcon 9» parvozini amalga oshirdi. Biroq vaqt o‘tishi bilan tezlatkichlarni tezda tiklash imkoniyati «SpaceX» kompaniyasiga arzonroq narxda va tez-tez parvozlarni amalga oshirishga yo‘l ochdi. Sababi, endi har bir parvozda raketaning asosiy qismi tashlab yuborilmas edi.
O‘tgan yili esa kompaniya «Falcon 9»ning 165 ta parvozini amalga oshirishga erishdi.
Shuningdek, «SpaceX» tomonidan ishlab chiqilayotgan ancha yirik «Starship» raketasi kosmik sanoatda ikkinchi bor inqilob qilishni maqsad qilgan. Bu ancha katta yuklarni yanada arzonroq narxda tashiy oladigan, to‘liq qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketadir. Xarrisonning ta’kidlashicha, Xitoyda yaqin 5–10 yil ichida «Starship» bilan bellasha oladigan hech qanday qurilma yo‘q.
Kosmik poyga
Ko‘plab amerikalik siyosatchilar AQSH va Xitoy o‘rtasidagi raqobatni XXI asrning kosmik poygasi deb ta’riflamoqda. Bu xuddi Sovuq urush davrida Qo‘shma Shtatlar va Sovet Ittifoqi o‘rtasida kechgan hamda 1969 yilda «Apollo 11» astronavtlarining Oyga qo‘nishi bilan yakunlangan poygani eslatadi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda vaziyat ancha jiddiy. Sababi endi bu shunchaki milliy obro‘-e’tibor yoki maqtanish emas, balki harbiy ustunlikni saqlab qolish, shuningdek, Oy va asteroidlardan qazib olinadigan qimmatbaho ma’danlar kabi ulkan iqtisodiy manfaatlar uchun kurashdir.
Yangi ming yillik boshlarida Xitoyning kosmik dasturi hali rivojlanishning ilk bosqichida edi. Biroq mamlakat kelajak uchun ulkan rejalar tuzdi va bu maqsadlarga izchillik bilan erishib kelmoqda.
Birinchi xitoylik astronavt 2003 yilda orbitaga chiqdi. Xitoy 2011 yilda kosmik stansiyaning dastlabki namunasini uchirdi, hozirda esa orbitada doimiy faoliyat yurituvchi o‘z stansiyasiga ega.
Mamlakat 2013 yilda Oyga robotlashtirilgan qo‘nish moduli hamda kichik roverni muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Shundan so‘ng Oy sirtida yana uchta ana shunday missiyani amalga oshirdi. 2021 yilda esa Marsga ham qo‘nish apparati va rover jo‘natdi.





