
Xitoylik investorlar O‘zbekistonda chiqindini yoqish orqali energiya oladigan zavodlar qurayapti
14.08.2025 | 21:2042115
Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda 2 ta, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan.

O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. So‘nggi yillardagi loyihalar natijasida bu endi 5 foizga yetdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan. unda ta’kidlanishicha, chiqindi korxonalari uchun 1 ming 200 ta yangi texnika olib berilgan. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurilgan. To‘plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylangan.
«Avvallari davlat monopoliyasida bo‘lgan sohada tadbirkorlikka yo‘l ochilib, qulay biznes muhiti yaratildi. Jumladan, sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi», - deyiladi xabarda.
Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot bergan. Chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar 6 ta viloyatda shunday zavodlar qurayapti. Davlat chiqindi utilizatsiyasi uchun ularga to‘lov qilish bilan birga, hosil bo‘lgan energiyani sotib olish bo‘yicha ham majburiyat olayapti.
Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda 2 ta, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan. Maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri keladi. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, yurtimizda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tildgan.
«Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi. Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Aholida ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi ta’kidlandi», - deyiladi xabarda.





