Xivadagi Xitoy universiteti filialida 2030/2031 o‘quv yiligacha qabul qilingan talabalar to‘liq grantda o‘qiydi
Filialda ta’lim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi.
© Foto: president.uzXivadagi Lyaonin universiteti filialida 2030/2031-o‘quv yiligacha qabul qilingan talabalar to‘liq grantda o‘qiydi
Xiva shahrida tashkil etiladigan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialida 2030/2031-o‘quv yiliga qadar qabul qilingan talabalar o‘qishning butun davri davomida davlat granti asosida tahsil oladi. Bu haqda Prezidentning 2-oktabrdagi qarorida ma’lum qilindi.
Filialda ta’lim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalar kunduzgi ta’lim shaklida o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida o‘qitiladi.
2030/2031-o‘quv yiligacha qabul qilingan talabalar o‘qishning barcha yillarida davlat granti asosida ta’lim oladi. 2030/2031-o‘quv yilidan boshlab esa filialning qabul parametrlarida davlat granti ulushi 30 foizni tashkil etadi.
Filialda turizm va axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi
Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialida turizm va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Filialning akademik hamkorlik yo‘nalishlari orasida xalqaro xitoy tili ta’limi, turizm boshqaruvi, xalqaro biznes va sun’iy intellekt ham bor. Bu yo‘nalishlarda O‘zbekistondagi bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilinadi.
Filialga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahridagi texnikumlar biriktiriladi. Ular turizm va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayonida ishtirok etadi.
Talabalarning o‘quv amaliyoti korxona va tashkilotlarda, jumladan, dual ta’lim asosida tashkil etiladi.
Turizm va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida Xitoy tajribasi asosida ta’lim dasturlari va o‘qitish metodikalari takomillashtiriladi. Ularni ishlab chiqish 2027-yilga mo‘ljallangan.
Qabul parametrlari va kontrakt miqdori alohida belgilanadi
Filialda qabul parametrlari, to‘lov-kontrakt miqdori, talabalarni o‘qishga qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibini Kuzatuv kengashi belgilaydi.
Filial faoliyati Davlat budjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt tushumlari, jismoniy va yuridik shaxslarning investitsiyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Filialga xorijdan, jumladan, Lyaonin pedagogika universitetidan professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar jalb qilinadi. Ularga mehnat bozori kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda haq to‘lash ko‘zda tutilgan.
Talabalar uchun zamonaviy adabiyotlar bilan ta’minlangan axborot-resurs markazi tashkil etiladi. Universitet va akademik hamkorlar tomonidan yaratilgan yangi adabiyotlar ham markaz fondiga kiritiladi.
Filial bitiruvchilariga filial hamda Lyaonin pedagogika universitetining diplomi beriladi.
Prezident qarori 2026-yil 2-oktabrda qabul qilingan.





