add

Xonandalikdan yirik biznesmenlikkacha: Emin Agalarov kim o‘zi?

18.08.2025 | 20:00389023

Rossiyalik tadbirkor Emin Agalarov — mashhur oligarx Aras Agalarovning o‘g‘li, Tramp oilasi bilan aloqalari sabab xalqaro matbuotda ko‘p tilga olingan shaxs. U san’atdan tashqari yirik biznes loyihalari, jumladan, Kaspiy bo‘yidagi Sea Breeze kurorti va yaqinda O‘zbekistonda Chorvoq bo‘yida barpo etilishi rejalashtirilgan Sea Breeze Uzbekistan mega-loyihasi bilan ham e’tibor markazida turibdi.

Xonandalikdan yirik biznesmenlikkacha: Emin Agalarov kim o‘zi?
Emin Agaralarov kim? Emin Agalarov — rossiyalik estrada xonandasi va tadbirkor. U mashhur oligarx, Vladimir Putin bilan yaqin aloqada bo‘lgan Aras Agalarovning o‘g‘li hisoblanadi. Agalarov nomi xalqaro matbuotda Donald Tramp oilasi bilan bo‘lgan aloqalari sabab tez-tez tilga olinadi. Shuningdek, Eurasianet nashriga ko‘ra, Emin Agalarov qo‘shiqlari va uning atrofidagi go‘zal ayollar bilan tanilgan. Emin 01Emin Agalarov Shveysariya va AQSHda ta’lim olgan. U Marymount Manhattan kollejini eng yaxshi bitiruvchilardan biri sifatida tamomlab, «Moliya sohasida biznes boshqaruvi» mavzusida diplom ishini himoya qilgan. Xonanda sifatida uning konsertlari Rossiya, Ozarboyjon va Yevropa mamlakatlarida muntazam o‘tkazilib kelinadi. Emin Agalarov nafaqat san’at, balki biznes sohasida ham faoliyat yuritadi: otasining Crocus Group kompaniyasidagi faoliyatiga yordam berib, ko‘plab savdo markazlari, ko‘ngilochar majmualar va tadbirlar tashkillashtirilishida ishtirok etgan. U Moskvadagi mashhur Crocus City Hall konsert zalini yuritishda ham faol bo‘lgan. (2024 yilning dekabrida bu savdo ko‘ngilochar maskanida terrorchilik akti sodir bo‘lgan edi). Rossiya OAVlarining ma’lum qilishicha, Emin Agalarov Crocus Groupʼni teraktgacha — 2023 yilda tark etib, o‘zining mustaqil loyihalariga e’tibor qaratgan. Emin 12 2024 yil oxirida u ikki davlat tadbirkorlarini birlashtiruvchi asosiy platforma «Azebaijan-Russia Business Council»  (Ozarboyjon-Rossiya biznes kengashi) boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Eminning bizneslari — mehmonxona, restoran, fitness markazlari ikkala mamlakatda ham faol. U Rossiyada mashhur shoumen, yirik konsertlar tashkillashtiradi va turli davlat tadbirlarida ishtirok etadi. Hozircha Rossiyada Emin va boshqa Ozarbayjon artistlariga nisbatan hech qanday cheklov yoki madaniy boykot yo‘q. Eadaily nashriga ko‘ra, ekspertlar ham uni «ikki davlat o‘rtasida ko‘prik» deb atashmoqda. Emin COP29 (BMT Iqlim konferensiyasi) ishtirokchilari uchun turar joylar qurish bo‘yicha davlatdan yirik tender yutdi. Bu orqali 5 ming nafargacha mehmonni joy bilan ta’minlash bo‘yicha shartnoma imzoladi. Uning 2015 yilgacha Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning qizi Leyla Aliyeva bilan turmush qurgani katta siyosiy kuchga ega bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Emin 13 Aras Agalarov kim? Aras  Agalarov — millati ozarbayjon bo‘lgan rosssiyalik tadbirkor, ko‘chmas mulk developeri va Crocus Groupning asoschisi hamda prezidenti; u 1955 yil 8 noyabrda Bokuda tug‘ilgan, oliy ma’lumotni Ozarboyjon Politexnika institutida olgan va keyinchalik savdo hamda rivojlantirish biznesiga kirib kelgan. 1989 yilda Crocus International (bugungi Crocus Group)ni yo‘lga qo‘yib, 1990 yillar va undan keyin Moskva atrofida yirik loyihalarni amalga oshirish orqali imperiyasini kengaytirdi; guruh dastlab premium mahsulotlar importi va savdosi bilan boshlanib, keyin hashamatli savdo markazlari va ko‘chmas mulkka burildi.Uning bayroqdor majmuasi Krasnogorskdagi Crocus City — Crocus City Mall, Rossiyaning eng yirik ko‘rgazma markazlaridan biri hisoblangan Crocus Expo hamda 2009 yilda ochilgan Crocus City Hallni o‘z ichiga oladi. Agalarovning nomi xalqaro OAVda 2013 yilda Moskvada o‘tkazilgan Miss Universe finali bilan ham tilga olingan: tadbir Crocus City Hallda o‘tgan va bu jarayonda Donald Tramp bilan biznes aloqalari yaqqol ko‘ringan. Emin 14 2024 yil 22 martda Crocus City Hallda terrorchilik hujumi sodir bo‘lib, ko‘plab qurbonlar bo‘ldi; Crocus Group zararlangan inshootni qayta tiklash niyatini bildirgan, Agalarov esa voqea joyiga borib, bu «so‘nggi 20 yilda misli ko‘rilmagan fojea»  ekanini ta’kidlagan. Bugun Aras Agalarov Rossiyaning ko‘chmas mulk va savdo infratuzilmasini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan ta’sirli biznes yetakchilardan biri sifatida e’tirof etiladi. Emin 15 Aras Agalarov Rossiyaning eng boy odamlaridan biri bo‘lib, 2013 yilda Vladimir Putin tomonidan «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan. Uni ko‘pincha «Rossiyaning Donald Trampi» deb ham atashadi. Ukraina sanksiyalari davlat reyestri Aras va Emin Agalarov nomini Rossiya-Ukraina urushi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritdi. Emin 04   Tramp bilan aloqalarning o‘rnatilishi Emin Agalarov nomi ayniqsa 2016 yilda AQSHda Donald Trampning prezidentlik saylovi kampaniyasi atrofida yuzaga kelgan siyosiy mojaroda tilga olingan shaxs sifatida mashhur bo‘ldi. Mojaroning ildizi 2013 yilda Moskvada o‘tkazilgan «Miss Universe» go‘zallik tanloviga borib taqaladi. O‘sha tadbirni tashkil etishda Agalarovlar oilasi bevosita ishtirok etib, Tramp bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan edi. 2016 yil iyun oyida Emin Agalarovning sobiq menejeri Rob Goldstoun Donald Trampning o‘g‘liga elektron xat yo‘llab, Rossiya hukumati Hillary Klintonga qarshi kompromat ma’lumotlarga ega ekanini va ularni Tramp kampaniyasi foydasiga taqdim etishga tayyorligini bildiradi. Emin 03 Goldstone bu uchrashuvni aynan Emin Agalarovning iltimosi bilan tashkil etayotganini yozgan. Shu xatdan so‘ng 2016 yil 9 iyunda Nyu Yorkdagi Trump Towyerda mashhur uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Donald Trampning o‘g‘li, kuyovi Jared Kushner, saylovoldi shtabi rahbari Paul Manafort va rossiyalik advokat Natalya Veselnitskaya qatnashdi. Emin Agalarovning o‘zi uchrashuvda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, uchrashuvni uyushtirishga sababchi bo‘lgani uchun uning nomi siyosiy mojaroda markaziy o‘rinlardan birini egalladi. AQSH matbuoti va tergovchilari bu uchrashuvni Rossiyaning Tramp kampaniyasiga ko‘rsatgan ehtimoliy yordami sifatida talqin qildi. Keyinchalik Emin Agalarov bu ishni oddiy biznes va aloqa doirasida tushuntirishga urindi. Biroq, baribir u siyosiy janjal bilan bog‘liq shaxs sifatida tilga olinib qoldi va AQSHda Rossiyaning saylovlarga aralashuvi haqidagi keng qamrovli tergovlarda uning ismi qayta-qayta eslatildi. Shu bilan birga, Emin Agalarov Tramp bilan yaqin tanishligini ko‘rsatib keladi. Hatto Tramp uning musiqiy kliplaridan birida ham qatnashgan. Agalarovning rasmiy saytida Tramp «mahoratli aktyor» sifatida tilga olinadi. Xonandaning qo‘shiqlari Rossiya va xalqaro radiostansiyalarda muntazam yangraydi va u dunyo bo‘ylab konsertlar beradi. Emin 05   See Breeze loyihasi Kaspiy dengizi sohilida joylashgan Sea Breeze kurortining qurilishi 2006 yilda boshlangan. Loyiha uch bosqichdan iborat bo‘lib, har biri 500 gektardan iborat va umumiy sohil chizig‘i 22 kilometrni tashkil qiladi. Hozirgacha birinchi bosqichdagi 6,5 mln metr kvadratdan 3,5 mln metr kvadrati amalga oshirilgan. Emin Agalarovning ma’lum qilishicha, bu bosqichni uch yildan keyin yakunlash rejalashtirilgan. Emin 06
«20 yil oldin men bu yerlarni xususiy mulkdorlardan sotib ola boshladim. Bu yerda faqat qumli bo‘sh sohil bo‘lgan. Mahalliy aholi oqova suvlarni dengizga tashlardi — xuddi hozir Chorvoqda ham bo‘layotgani kabi. Biz 20 yildan buyon suv tahlillarini olib boryapmiz va suv sifati yaxshilanganini ko‘ryapmiz. Bizdagi plyaj mamlakatdagi eng tozalaridan biri», — dedi tadbirkor.
Boku shahri va Sea Breeze kurorti joylashgan Apsheron yarim oroli doimo kuchli shamollari bilan ajralib turgan. Biroq yuqori darajada ko‘kalamzorlashtirish evaziga kurort uchun shamolga qarshi tabiiy himoya zonasi yaratilishiga erishildi. So‘nggi 20 yil ichida bu yerda 20 metr balandlikdagi daraxtlar o‘sib chiqdi, so‘nggi uch yil ichida esa jami 35 mln dollarlik 10 mlndan ortiq daraxt va butalar ekilgan. «Maqsad — har yili kamida 3 mln tup daraxt ekish», deya ta’kidlagan Emin Agalarov. Emin 08 Kurort florasi 50 dan ortiq o‘simlik turlarini o‘z ichiga oladi, ular asosan Ispaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan olib kelingan va maxsus ko‘kalamzorlashtirish departamenti tomonidan mahalliy iqlimga moslashtirilgan. Agalarov Development kompaniyasi mintaqaga xos bo‘lmagan o‘simliklardan foydalanishni kurort muhitini yaratish istagi bilan izohlaydi, bu esa palma daraxtlari, kiparislar, oleandrlar, fikuslar va gullaydigan butalarsiz imkonsizdir. Buning uchun kurort tog‘li hududdan, 100 km uzoqlikdan tuproq olib kelishga majbur, chunki qumli sohil zonasida hech qanday o‘simlik ildiz otmaydi. Emin 09 Emin Agalarovning aytishicha, obodonlashtirish hayvonot dunyosiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Hududda aholi zich yashashiga qaramay, kechalari bu yerda tulkilarni uchratish mumkin. «bugungi kunda biz shuni ko‘rib turibmizki, Boku markazidan odamlar Sea Breeze’ga ko‘chib o‘tishni istamoqda, chunki bu yerda butun yil davomida kurortda yashaysiz va kurort konsepsiyasi bilan bog‘liq hamma narsa shu yerda mujassam», — dedi Emin Agalarov. Uning ta’kidlashicha, majmua tarkibida 1500 o‘rinli maktab, bolalar bog‘chalari bor, kuzda esa kasalxona ochilishi kutilmoqda. Ko‘chmas mulk qimmatbaho villalardan tortib, ta’mirsiz yoki tayyor holatda sotuvga chiqarilgan kichik xonadonlargacha bo‘lgan turlicha narx toifalaridagi uy-joylardan iborat. Aholi ushbu uy-joylarni, jumladan, ipoteka orqali ham xarid qilmoqda. Har ikkita bino orasida basseyn mavjud, har 500 metrda esa zamonaviy bolalar maydonchalari va yashil orolchalar joylashgan.   See Breeze Uzbekistan loyihasi Agalarov 2024 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Chorvoq bo‘yida joylashadigan Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazi loyihasini taqdim etdi. Unda 500−700 gektar maydonda dam olish maskanlari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, turar joy majmualari va boshqalarni o‘z ichiga olishi ma’lum qilindi. Emin 10 Uchrashuvda davlat rahbari bu taklifni ma’qullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini ta’kidladi. Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzib, loyihaning huquqiy asosini yaratish, infratuzilma masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Prezident ushbu turizm markazining qiymati 7−10 mlrd dollarga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini  taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi. Emin 11 Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. «Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz», — dedi u. Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da berdi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan. Aynan 2025 yilning yoz mavsumidan boshlab qurilish ishlari boshlanishi belgilanishidan boshlab virtual noroziliklar, ko‘p vaqt davomida biror rasmiy munosabat chiqishini kutishlar, keyinroq turli troller va botlarning, loyihani himoya qiluvchi tashviqotlarning olib borilishi avjiga chiqdi. Faollar suvdan foydalanishdagi ehtimoliy cheklovlar, infratuzilmaga bosim kuchayishi, suv omborining ekologik muvozanatiga tahdid va shaffoflikning yo‘qligidan xavotirda ekanligi ta’kidladi. Tanqidga javoban Agalarov Development kompaniyasi o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Bokudagi Sea Breeze kurortiga press-tur uyushtirdi. Uchrashuvda o‘zbekistonlik media vakillari va blogerlarga See Breeze inshooti ko‘rsatildi va Agalarovning o‘zi jurnalistlar bergan savollariga javob berdi. Emin 07 Shundan so‘ng Sea Breeze Uzbekistan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori Sea Breeze kurortini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilinganidan uch kun o‘tib, 4 avgust kuni O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatga olindi. Bu korxonalar va tashkilotlar yagona davlat reyestridan ma’lum bo‘ldi. Kecha, 17 avgust kuni, ekofaol Mo‘’tabar Xushvaqtova, inson huquqlari faoli Dilfuza Qurolova kabi jamoat faollari See Breeze loyihasiga oid petitsiya kiritilganiga 1 oy bo‘lganini yozdi. Faollarning ma’lum qilishicha, xalqaro huquqshunoslar va ekologlar bilan bamaslahat yozilgan ushbu petitsiya katta ehtimol bilan ekspertizadan o‘tkazilmagan. Mehrinoza Farmonova tayyorladi

Teglar

Mavzuga oid

Xonandalikdan yirik biznesmenlikkacha: Emin Agalarov kim o‘zi? | Vaqt.uz