add

Yana kuttiradigan metro, «aqlli boshqaruv» yo‘q Toshkent va xususiylashtirilmaydigan «O‘zbekiston pochtasi» — 13 oktyabr dayjesti

13.10.2025 | 22:0047358

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yana kuttiradigan metro, «aqlli boshqaruv» yo‘q Toshkent va xususiylashtirilmaydigan «O‘zbekiston pochtasi» — 13 oktyabr dayjesti
«O‘zbekiston pochtasi» AJ xususiylashtirilgani haqidagi xabarlar rad etildi «O‘zbekiston pochtasi» AJ xususiylashtirilgani haqidagi xabarlar rad etildi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, xususiylashtirish haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, hozircha faqat pochta infratuzilmasini yangilash va raqamli yechimlar joriy etish uchun investitsiya jalb qilish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlari orasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda minglab yuridik va jismoniy shaxslar bor. Kompaniya ta’kidlashicha, yirik investor ishtirokini ko‘zda tutuvchi qaror qabul qilinsa, bu haqda rasman e’lon qilinadi.   O‘zbekistonda meva-sabzavot eksporti uchun minimal narxlar bekor qilindi O‘zbekistonda meva-sabzavot eksportida minimal narx belgilash amaliyoti bekor qilindi. Prezidentning 8 oktyabrdagi 181-son farmoniga ko‘ra, endi bu talab faqat to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektr jihozlarigagina tatbiq etiladi. Qaror eksport jarayonlarini erkinlashtirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Farmon bilan qishloq xo‘jaligi sohasiga qator imtiyozlar ham joriy etildi: dukkakli ekinlarni yig‘ish texnikasi qiymatining 15 foizi davlat tomonidan qoplanadi, kredit va lizing stavkalari 10 foizgacha subsidiyalanadi. Shuningdek, issiqxonalar tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlanib, soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.   «Yerusti halqa yo‘li» metro yo‘nalishi 1 noyabrdan harakatlanadi «Texnopark – Qipchoq» bekatlari oralig‘ida 14 ta bekatda harakat vaqtincha to‘xtatilgan edi. Bu qaror rejali profilaktika ishlarini amalga oshirish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Xalqaro amaliyotga ko‘ra, metro tizimlarida ma’lum muddat foydalanilgandan keyin tekshiruv va ta’mirlash ishlarini o‘tkazish zarur hisoblanadi. Rejali ishlar doirasida yo‘l holati to‘g‘rilandi, nosoz shpallar almashtirildi, drenaj tizimi ko‘rikdan o‘tkazildi hamda shag‘allar tekshirildi. Mazkur ishlar transport infratuzilmasini yaxshilash va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Dastlab yo‘nalish 18 oktyabrda ochilishi mumkinligi aytilgan edi. Biroq, sinov jarayonlarini takomillashtirish va poyezdlar harakatini tezlashtirish maqsadida ochilish sanasi 1 noyabrga ko‘chirildi. Hozirda poyezdlar sinov tariqasida, yo‘lovchilarsiz harakatlanmoqda.   «UzAuto Motors» yangi «Damas» va «Cobalt» modellarini ishlab chiqarishni boshlaydi «UzAuto Motors» «Damas» va «Cobalt» avtomobillarining yangi avlodini ishlab chiqara boshladi. Yangi seriyalar amaldagi modellar bilan birga ishlab chiqarilib, xaridorlarga tanlov imkonini kengaytiradi. «Damas»ning «Move» va «Max» nomli yangi versiyalari kattaroq o‘lcham, yuqori sig‘im va qulaylik darajasi bilan ajralib turadi. «Cobalt» modellari ham yangilanib, «Style MCM» va «Midnight MCM» variantlarida taqdim etildi. Ular 12 ta yangi funksiya, sensorli multimedia tizimi, kruiz-kontrol, eko-charm o‘rindiqlar va yangilangan ABS tizimi bilan jihozlandi. Kompaniyaning ma’lumoticha, keyingi bosqichda «Cobalt» tashqi ko‘rinishida feyslift yangilanishi rejalashtirilgan, narx va sotuv sanasi esa keyinroq ma’lum qilinadi.   Toshkentda «aqlli» tizimlar bor, lekin «aqlli boshqaruv» yo‘q — Kept Kept konsalting kompaniyasi taqdim etgan «aqlli shaharlar» reytingida Toshkent «rivojlanish salohiyati»ga ega shaharlar qatoriga kirdi, ammo umumiy baholashda 50 balldan kam to‘plab, o‘rta toifaga kirmadi. Eng past ko‘rsatkich «aqlli biznes va bandlik» yo‘nalishida qayd etildi — 40,4 ball, bu mehnat bozori va raqamli xizmatlarning yetarlicha rivojlanmagani bilan izohlandi. Reytingda shaharning yashil hududlari yetishmasligi, havo ifloslanishi va transport tizimidagi muammolar ham ta’kidlangan. Shu bilan birga, Toshkent elektromobillar soni bo‘yicha MDHda yetakchi hisoblanib, «aqlli yoritish» va «aqlli hisoblagichlar» tizimlarini keng joriy etgan. Kept mutaxassislari poytaxtga raqamli boshqaruv va barqaror rivojlanish dasturlarini kuchaytirishni tavsiya etdi.

Teglar

Mavzuga oid