
Yana she’r «o‘g‘irlash»: bu safar xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev jarimaga tortildi
10.07.2025 | 12:4027113
Jaloliddin Ahmadaliyev muallif Shohrux Abduvohidovga tegishli bir necha she’rdan ruxsatsiz foydalangani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev mualliflik huquqini buzganlikda ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Tekshiruvlar davomida Ahmadaliyev muallif Shohrux Abduvohidovga tegishli bo‘lgan «Yurak», «Meni deb oqardi sochlaring ona», «Ko‘zlaringni qizg‘anma mendan» va «Barchasini Xudoga soldim» nomli she’rlardan ruxsat va shartnoma tuzmasdan foydalangani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)-moddasiga asosan rasmiy bayonnoma tuzilib, ish sudga yuborildi. Dangara tuman sudi qaroriga ko‘ra, xonandaga mazkur moddaning birinchi qismi asosida jarima jazosi tayinlandi.
Qonunchilikka muvofiq, mualliflar huquqlari buzilganda zararni to‘liq qoplashdan tashqari, huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 1000 barobarigacha to‘lov talab qilish huquqiga ega.
Adliya vazirligi ijodkorlarni mualliflik huquqlari buzilganda «1008» raqamiga yoki info@adliya.uz elektron manziliga murojaat qilishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xonanda Botir Qodirov ham mualliflik huquqini buzganligi uchun 132 mln so‘m jarimaga tortilgan edi.





