
Yandex Uzbekistan Toshkentda svetofor signallarini real vaqtda namoyish eta boshladi
23.07.2025 | 11:2029173
Yandeks IIV bilan hamkorlikda poytaxt ko‘chalarida svetofor holatlarini Yandex xarita va navigator ilovalarida real vaqtda ko‘rsatishni boshladi. Yangi funksiya haydovchilarga harakat rejasini oldindan belgilashga yordam beradi.

Yandex Uzbekistan o‘z navigatsiya xizmatlarida — Yandex Xarita va Yandex Navigator ilovalarida real vaqtda svetofor signallarini ko‘rsatish imkoniyatini sinov tariqasida ishga tushirdi. Loyiha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Yangi funksiya smartfon ekranlarida amaldagi svetofor signali haqida ma’lumot berish orqali haydovchilarga tor ko‘chalarda va noaniq ko‘rinuvchanlikda harakatni xavfsizlashtirishga ko‘maklashadi. Yaqin vaqt ichida ilovaga svetofor taymeri ham qo‘shilishi kutilmoqda. Bu haydovchilarga svetoforda qancha kutish kerakligini oldindan bilish va manyovrlarni samarali rejalashtirish imkonini beradi.
Ayni paytda servis faqatgina Toshkentning ayrim yo‘l uchastkalarida, jumladan, Amir Temur prospekti va Tiklanish hamda Gulyor ko‘chalari kesishmasida ishlamoqda. Loyiha muvaffaqiyatli sinovdan o‘tsa, texnologiya mamlakatning boshqa shaharlariga ham tatbiq etiladi.
Yangi funksiya nafaqat haydovchilarga qulaylik yaratish, balki yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, «yashil to‘lqin» rejimiga rioya qilish, marshrutni optimallashtirish va yoqilg‘i sarfini kamaytirishga qaratilgan. Ma’lumotlar Apple CarPlay va Android Auto orqali ham taqdim etilmoqda. Kelgusida funksiya Yandex Go ilovasiga ham integratsiya qilinib, taksi yetib kelish vaqti aniqligini yaxshilashi kutilmoqda.





