
“Yangi ishlanmalar allaqachon ko‘rina boshlagan” – Toshloq tumanida ochilgan “IT-shaharcha”ga sayohat
17.09.2025 | 21:2024338
Kecha, 16 sentyabr kuni jurnalist va blogerlar uchun Farg‘ona viloyati, Toshloq tumani yoshlarini raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillarga bepul o‘qitishga mo‘ljallangan “IT-shaharcha”ga press-tur uyushtirildi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Yangi “IT-shaharcha” 2025 yil iyun oyida ish boshlagan. Bu yerda yoshlarga dasturlash, grafik dizayn, 3D printing, robototexnika va xorijiy tillarni o‘qitish kabi o‘nga yaqin yo‘nalishda bilim beriladi, kasb hamda ko‘nikmalar o‘rgatiladi. Markaz bir vaqtda 300 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan va uni yiliga 1200 nafar yosh bitirib chiqishi mumkin.
“Markazda o‘quv dasturlari shunday tuzilganki, unda asosiy maqsad o‘quvchilarning sifatli bilim olishiga qaratilgan. Shu maqsadda o‘quvchilarning olayotgan bilim va ko‘nikmasi, til o‘rganish natijalari har ikki oyda imtihon qilib boriladi. Bu vaqtda kerakli ko‘nikmaga erishgan yoshlar o‘rganishning keyingi bosqichlarini davom ettiradi, o‘rganolmaganlari bilan esa yana bir necha bosqichda qayta ishlanadi.
Faqat bu emas, markazni yaxshi natijalar va eng muhimi, xorijiy til sertifikati bilan tamomlagan yoshlar kelgusida viloyatimizdagi mahalliy va xorijiy kompaniyalarda ish bilan ta’minlanadi. Bugun viloyatda 120 dan ortiq xorijiy kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. “IT-shaharcha” ular bilan mutaxassislar borasida faol hamkorlik olib boryapti”, – dedi “IT-shaharchalar” faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Farg‘ona viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Sultonbek Boqijonov yig‘ilganlarga ma’lumot berarkan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, markazda kelgusida nafaqat hozirgi yo‘nalishlar, balki, sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rgatish ham reja qilinmoqda.
“Markazda barcha bilimlar bepul o‘rgatilishi farzandini turli pulli kurslarga berishga imkoniyati yetmaydigan ota-onalarga ham katta qulaylik bo‘ldi. Bugun markazda tahsil olayotganlar majmua atrofidagi 5 km radiusda joylashgan 15 ga yaqin maktab o‘quvchilaridir. Biz 2030 yilga borib hozirgi kurslarimiz sonini 20 taga yetkazmoqchimiz, – dedi Boqijonov.
Tadbir davomida markazda tahsil olayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashildi. Jumladan, ingliz tilini o‘rganayotgan o‘quvchilardan bir qanchasi jurnalist va blogerlar bilan 2,5 oy davomida o‘rgangan malakasi asosida ingliz va rus tillarida so‘zlashib ko‘rishdi.
Robototexnika kursi o‘quvchilari esa mehmonlarga shu yo‘nalishda Polsha davlatida o‘qib kelgan malakali, yosh o‘qituvchi Muhammadamin Mamadaliyev rahbarligida ishlab chiqqan bir necha yangi loyihalarini namoyish qilishdi. Jumladan, Omadillo Bahodirov hozirda “aqlli uylar” dasturi ustida ishlamoqda. Bu dastur uy egalariga xonadon xavfsizligi, elektr energiyasi va gazdan samarali foydalanish hamda gazdan zaharlanish holatlarini oldini olish imkoniyatini yaratadi. “Bu ishlanma uchun men bir million so‘mcha sarfladim. Albatta, kattaroq uylar uchun bu summa ozroq ko‘payadi, lekin uni o‘rnatgan xonadon egalari ko‘plab imkoniyalarga ham ega bo‘ladi”, – deydi Omadillo.
Aqlli issiqxona ixtirosi bilan shug‘illanayotgan boshqa bir ixtirochi esa o‘z ixtirosi issiqxonalarda qo‘l mehnatini sezilarli kamaytirishi haqida gapirib berdi. “Bu ixtironi kengaytirish issiqxonalarning sug‘orish, ekinlarni zararkunandalarga qarshi dorilash va ekinlarga boshqa ozuqalarni yetkazishga yordam beradi. U bilan ishlarni shunchaki kompyuterda o‘tirib bajarish mumkin”, – deydi o‘quvchi.
Albatta, yosh ixtirochilarning ishlarini dunyo ilm-fanida yangi ixtiro deb bo‘lmaydi. Ammo ularda robototexnika sohasida malaka va bilimlarning oshib borishi shunday yangi ixtirolarga yo‘l ochish ehtimoli yuqori.
Press-turning yakuniy qismida matbuot vakillari uchun yosh ixtirochilar ishlanmasi bo‘lgan avtomobillar poygasi ham tashkil qilindi. Ishlanmasi g‘olib chiqqan o‘quvchilar esa Raqamli texnologiyalar vazirligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, tashabbus doirasida respublikaning 13 ta hududida jami 15 ta “IT-shaharcha” tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha innovatsion ta’lim muhitini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va ularning global IT-bozorida o‘rnini topishlariga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
bugungi kunda Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “IT-shaharcha”larda qariyb 1000 ga yaqin o‘quvchi-yosh IT va xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim olmoqda.






